Breaking News

Afg'oniston hukumatida hanuz ahillik yo'q


Afg'onistonning amaldagi va sobiq rahbarlari
Afg'onistonning amaldagi va sobiq rahbarlari

Afg’oniston hukumatida 2014-yil prezident saylovlaridan beri ahillik yo’q. Bryusselda joylashgan Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi hisobotiga ko’ra, mamlakatda jangarilar faollashgan bir paytda rahbarlar orasida kelishmovchiliklar hukm surmoqda.

Ba’zilar saylovlarda qatnashgan ikki asosiy nomzodni hokimiyatni baham ko’rishga va shunga doir bitim imzolashga majburlagan Qo’shma Shtatlarni shu kelishmovchiliklarning kelib chiqishida ayblamoqda. Natijada, deydi tanqidchilar, har bir tomon o’z vakolati va hokimiyatini turlicha talqin qilmoqda.

O’sha paytda AQSh davlat kotibi bo’lgan Jon Kerri bitimga kelishishda vositachilik qilgan. Saylovlarda g’alaba qozongan Ashraf G’ani va o’z mag’lubiyatini tan olishni istamagan Abdulla Abdulla AQSh bosimi ostida mamlakatni birgalikda boshqarishga kelishishga majbur bo’ldi.

Ashraf G’ani prezident bo’ldi, Abdulla Abdulla uchun esa maxsus ravishda ijrochi rais lavozimi yaratildi. Bu lavozim ikki yil ichida Loya Jirg’a qonunchilik organi tomonidan bosh vazir maqomiga o’zgartirilishi kerak edi, biroq bunday bo’lmadi. Ikki arbob tarafdorlari bitimni o’zicha talqin qilib, o’zaro nizo va ziddiyatlar kuchaydi.

Abdullaning bitimni talqin qilishicha, har ikki rahbarga teng vakolat berilgan, Ashraf G’ani fikricha esa prezident asosiy rahbar bo’lishi kerak. Aksariyat afg’onlar bu arboblar o’rtasida eng boshidan hamjihatlik va hamkorlik bo’lmaganini afsus bilan tilga oladi.

Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhiga ko’ra, har ikkisi hukumatdagi eng muhim lavozimlarga o’ziga sodiq odamlarni tayinlamoqchi bo’lgan, asosan, millatiga qarab. G’ani pashtunlarga, Abdulla esa tojiklarga xayrixohdir.

Hisobotda aytilishicha, natijada hukumat faoliyati samara keltirmadi, va’da qilingan saylov tizimi islohoti va parlament saylovlari qoldirilaverdi, hukumat oldidagi eng dolzarb muammolar esa yechimsiz qolaverdi.

“Milliy politsiyani zudlik bilan isloh qilish, korrupsiya bilan shug’ullanish, mahalliychilik, guruhbozlikka barham berish kerak”, deyiladi tashkilot izlanishida.

NATO rasmiylariga ko’ra, hukumatdagi tarqoqlik sabab afg’on xavfsizlik kuchlari ko’plab hududlarni Tolibonga boy berib qo’ydi.

Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi G’ani va Abdullani mamlakat barqarorligi yo’lida hamkorlikka chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG