Afg’onistonda prezidentlikka nomzodlardan biri Abdulla Abdulla Mustaqil saylov komissiyasining saylovlar bo’yicha e’lon qilgan dastlabki natijalarini tan olmoqchi emas.
Kecha e’lon qilingan raqamlarga ko’ra, Abdullada 43,5 foiz, Ashraf G’anida esa 56,4 foiz. Biroq Abdulla fikricha, jarayonda raqibi foydasiga ommaviy soxtalashtirish hollari yuz bergan.
Sobiq tashqi ishlar vaziri bugun Kobulda tarafdorlariga murojaat qilib, o’zini g’olib deb e’lon qilgan.
"Soxta hukumatni tan olmaymiz", - dedi Abdulla.
Uning safdoshi, vitse-prezidentlikka nomzod Hoji Muhammad Muhaqqaq agar shikoyatlar ko’rib chiqilmasa, parallel hukumat tuziladi, deya do’q-po’pisa qilmoqda.
AQSh davlat kotibi Jon Kerrining ogohlantirishicha, agar Abdulla hokimiyatni qonunga xilof yo’l bilan olishga harakat qilsa, Afg’oniston AQSh va xalqaro hamjamiyatning moliyaviy va xavfsizlik bobidagi madadidan ayrilishi mumkin.
Kerri juma kuni Kobulda bo’ladi.
Abdulla saylovda G’anidan bir million kam ovoz olgan.
Bu o’rtada mamlakat sharqida bugun bir odam o’zini portlatib, 16 kishi, jumladan NATO ning to’rt askarini nobud qilgan.
Voqea Parvon viloyatida ro’y bergan. Tolibon xuruj uning ishi ekanini tan oldi.