Afg’onistonda prezident saylovlarida berilgan barcha ovozlar ertadan boshlab qayta tekshirilib, yangidan hisoblanadi. Mustaqil saylov komissiyasi vakili Nur Muhammad Nurning jurnalistlarga aytishicha, sakkiz million byulletenning hammasi Kobulga yetkazilib, sanab chiqiladi.
Saylov qog’ozlarining poytaxtga yetkazilishini xalqaro kuchlar o’z nazoratiga oladi. Har ikki nomzod, matbuot vakillari va xorijiy kuzatuvchilar taftish jarayoni ustida turadi.
Nomzodlardan biri Abdulla Abdulla saylov kuni ommaviy ravishda soxtalashtirish hollari bo’lgan, deya avval saylov natijalarini tan olishdan bosh tortgan, so’ng esa o’zini g’olib deb e’lon qilgan edi. Shundan so’ng Kobulga safar qilgan AQSh davlat kotibi Jon Kerri har ikki nomzod bilan gaplashib, ularni BMT nazorati ostida ovozlarning qayta hisoblanishiga rozi bo’lishga ko’ndirdi.
Saylovlarning birinchi bosqichi 5-aprel kuni, ikkinchi bosqichi esa 14-iyunda o’tgan. Abdulla Abdulla sobiq tashqi ishlar vaziri, uning raqibi Ahmad G’ani esa sobiq moliya vaziri.