Breaking News

AQSh fuqarolariga Afg'onistondan chiqib ketishni tavsiya qilmoqda


Afg’onistonda Tolibon kun-sayin hududlarni egallashda davom etarkan, Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi. Evakuatsiya xavfsizligini ta’minlash uchun Kobul aeroportiga 3000 askar safarbar etilmoqda.

“Xavfsizlik bilan bog’liq vaziyatning o’zgarayotgani sabab Kobulda fuqarolarimiz sonini yanada kamaytiryapmiz. Mudofaa vazirligi shu maqsadda qo’shimcha harbiy ajratadi. Davlat kotibimiz va mudofaa vazirimiz rejalarimizni muvofiqlashtirish uchun Prezident G’ani bilan bir oz oldin gaplashgan. Aytish joiz, elchixona ochiq va biz Afg’onistondagi diplomatik faoliyatimizni davom ettiryapmiz”, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.

Pentagondagi brifingda Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Jon Kirbi qo’shimcha ma’lumot berdi.

“Bu ishga uchta piyoda batalyonini ajratganmiz. Taxminan 3000 kishidan iborat. Ular Kobuldagi askarlarimizga qo’shimcha ravishda safarbar etilgan. Kobulda 650 dan ortiq harbiy bor”, - dedi rasmiy.

Afg’onistonni AQSh elchixonasining bir qancha xodimi ham tark etadi. Ned Praysning aytishicha, Afg’oniston xalqi amerikaliklarning mamlakatdan chiqarilishini ulardan yuz o’girish deb ko’rmasligi kerak.

Biroq ayrim urush faxriylari va tahlilchilariga hozirgi jarayon 1975-yil 30-apreli voqealarini eslatadi. O’shanda Vyetnamdagi urushda mag’lub bo’lgan Qo’shma Shtatlar Saygon kommunist hukumat nazoratiga o’tishi bilan elchixonasi xodimlarini Janubiy Vyetnamdan zudlik bilan chiqargan edi. Elchixonaning so’nggi xodimlarini vakolatxona tomidan olib ketishga to’g’ri kelgan edi. Biroq Prezident Jo Bayden ikki voqea o’rtasida aloqa yo’q, deydi.

“Tolibon Shimoliy Vyetnam armiyasiga bas kelolmaydi. Salohiyati ancha past. Odamlarimizni Afg’onistondagi elchixona tomidan olib ketishgacha bormaydi”, - dedi u.

Bayden nazarida, Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi vazifalarini a’lo darajada yakunlagan, ya’ni al-Qoidani mag’lub etib, 2011-yilda uning rahbari Osama bin Ladenni o’ldirgan. Endi esa, deydi u, afg’onlarning o’zi mamlakatini Tolibondan himoya qilsin.

“Nyu-York Tayms” gazetasining ma’lum qilishicha, amerikalik muzokarachilar Tolibon bilan muloqotlari chog’ida Kobul ularning qo’liga o’tsa, elchixonaga hujum qilmasliklarini so’rab, kafolatlar olishga urinmoqda.

Elchixonada 1400 amerikalik ishlaydi. Aynan qanchasi evakuatsiya qilinishi aytilmayapti.

Tolibon rahbariyati Afg’onistonning qonuniy hukumati bo’lmoqchi ekanini, Rossiya, Xitoy va boshqa yirik mamlakatlar bilan aloqa qilib, ulardan iqtisodiy yordam olmoqchi ekanini ma’lum qilgan.

AQSh muzokarachisi Zalmay Xalilzod ham elchixona xavfsizligi evaziga Tolibon hukumatiga kelajakda iqtisodiy yordam taklif etmoqda, deb yozadi gazeta.

Xalqaro hayot – 13-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:34 0:00

Bir necha kunlik janglardan so’ng toliblar Afg’onistoning ikkinchi yirik shahri – janubdagi Qandahorni qo’lga kiritdi. Hukumat kuchlari shahar aeroportini ushlab turgani aytilmoqda. Yaqingacha bu yerda AQShning mamlakatdagi ikkinchi yirik harbiy aviabazasi joylashgan edi.

Jangarilar uchinchi yirik shahar, Alisher Navoiy tug’ilib o’sgan Hirotni ham egallab oldi.

Shuningdek, Uruzgon va Paktiya viloyatlarining poytaxti Tarin-Kot va Gardez bugun jangarilarga taslim bo’lgan.

Ayni damda shimolda Mozori Sharif, sharqda Jalolobod va poytaxt Kobul hukumat qo’lida. AQSh razvedkasi xulosasiga ko’ra, Kobul 3 oyga yetmasdan taslim bo’lishi mumkin.

Mamlakatning 65 foizini nazorat qilayotgan jangarilar shariatning Tolibon talqinidagi ko’rinishini joriy etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG