AQSh hukumati yaqinda e’lon qilgan hisobotga ko’ra, Afg’onistonda bugun Tolibon davridagi 2002-yilga qaraganda ko’proq ko’knor yetishtirilyapti. Boy o’lkalarda giyohvand moddalarga talabning oshayotgani, Afg’onistonda xavfsizlik va iqtisodiy vaziyat abgor holatda qolayotgani buning asosiy sabablaridir, deydi kuzatuvchilar.
2013-yil dunyodagi jami qoradorining 90 foizi Afg’onistonda yetishtirildi. Giyohvand moddalar iste’moli mahalliy aholi bilan cheklanmay, G’arbga ham tarqalgan.Afg’onistonning narkotiklarga qarshi kurash vaziri o’rinbosari Muhammad Ibrohim Azharning aytishicha, muammoni bartaraf etish uchun xalqaro hamjamiyat ko’proq yordam qo’lini cho’zishi kerak.
“Afg’onistondagi giyohvand moddalar faqat biz uchun emas, balki butun dunyo uchun muammodir. Chet davlatlarda talabning oshayotgani biz uchun yangi qiyinchiliklarni tug’diryapti. Afg’oniston giyohvandlikka qarshi yolg’iz bir o’zi kurasha olmaydi”, - deydi u.
AQSh 2002-yildan beri Afg’onistonda ko’knor ekishga chek qo’yish va dehqonlarni muqobil ekinlar ekishga undash uchun 10 milliard dollar sarfladi. Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspektor xulosasiga ko’ra, bu choralar o’z samarasini bergani yo’q. Ammo ko’plab giyohvand moddalarni tayyorlovchi laboratoriyalarning yopilgani, tashuvchilarning qo’lga olingani va mol-mulklarining musodara etilgani ijobiy ko’rsatkich, deydi narkotiklar va huquq-tartibot masalalari bo’yicha AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Uilyam Braunfild.
“Ko’knor yetishtirish muammoning faqat bir qismi. Masalaga kengroq qaraydigan bo’lsak, giyohvandlikka qarshi kurash bo’yicha vaziyat birmuncha ijobiy”, - deydi u.
Shu yil oxirigacha AQSh askarlari Afg’onistonni tark etadi. Ayrim mutaxassislarga ko’ra, shundan so’ng mintaqada AQShning ta’siri kamayadi. Bu esa narkotraffikka qarshi kurash amaliyoti uchun zarardir, deydi Vashingtondagi “Meros” jamg’armasi vakili Liza Kurtis.
“Ikki hafta burun AQSh Kongressi Afg’oniston taraqqiyoti uchun ajratilgan mablag’ni ikki baravar qisqartirdi. Bu degani, ko’plab yordam dasturlari kesiladi. Giyohvandlikka qarshi kurash ham shular jumlasidan. Shu bois bu sohada endi olg’a siljishni ko’rish qiyin bo’ladi”, - deydi u.
Ammo AQSh rasmiysi Braunfildning aytishicha, AQSh Afg’onistonga yordam berishda davom etadi.
“Muqobil taraqqiyot bilan ta’minlovchi dasturlarni, jinoyatchilikka qarshi kurash, ta’lim, sog’liqni saqlash, reabilitatsiya sohalarini qo’llab-quvvatlashda davom etamiz”, - deydi u.
Kuzatuvchilar fikricha, afyun yetishtirishni kamaytirish uchun, avvalo, xalqaro hamjamiyat Afg’oniston tashqarisidagi narkotiklarga bo’lgan talabga qarshi kurashishi kerak. Talab bor ekan, qayerdadir shunga yarasha ta’minot ham bo’ladi, deydi ular.