Afg’oniston Markaziy Saylov Komissiyasi oy boshida o’tgan parlament saylovlari yuzasidan minglab shikoyatni ko’rib chiqmoqda. Ammo siyosatdonlar nazarida saylov va uning qonuniy o’tgan-o’tmagani bilan aholining uncha ishi yo’q. Odamlar xavfsizlik va turmush muammolari bilan ovora.
34 viloyatning yettitasida ovozlar qayta sanala boshlangan.
Xavf-xatarga qaramay, to’rt million afg’on saylovga chiqqan. Tugal natijalar oktabr oxirida ma’lum bo’lsa katta gap. Prezident Hamid Karzay jarayon bekamu ko’st o’tmaganini tan oladi. Saylov Komissiyasi xodimi Said Murod Sharif shikoyatlar bir olam, deydi.
“2500 dan ziyod ariza tushgan. Shu paytgacha 570 shikoyat ko’rib chiqilgan”,- deydi u.
Ammo 30 yildan beri boshi urushdan chiqmagan yurt ahli taraqqiyot, farovon hayot deganda nimani tushunadi? Tahlilchi olim Entoni Kordesman afg’onlar g’arbona adolat, saylov va qonun ustuvorligi haqida o’ylayotgani yo’q, deydi.
“Afg’onistonda qonun-tartib deganda xavfsizlik, osuda hayot tushuniladi. Odamlar hukumatga ishonsam, rahbarlar turmushimni yaxshilasa, degan orzu bilan yashaydi”, deydi olim.
Dekabr oyida AQSh hukumati afg’on strategiyasini qayta ko’rib chiqadi. Xulosa Amerika askarlarini vatanga qaytarish sur’atini hal qiladi.
Amerikalik tahlilchi Entoni Kordesman fikricha, Afg’oniston masalasida siyosiy bahs bilan emas, real vaziyatga qarab ish ko’rish kerak. “Tolibon biz bilan olishib o’tirmaydi, ular ketishimizni poylaydi”, deydi olim.
Bu orada Afg’oniston va NATO qo’shini Qandahorda hujumga zo’r berib, toliblar bilan olishmoqda. Bir necha hafta davom etib, bugun avjiga chiqqan operatsiyada piyoda askarlar va havo kuchlari qatnashmoqda. NATO generali Jozef Blots og’ir janglar oldinda, deydi.
Maqsad shaharni Tolibondan butunlay tozalash. Jangarilar yo ketadi, yo ularni yo’q qilamiz, deydi general. Afg’on va NATO armiyasi safida talofatlar yo’q. G’azni viloyatida bugungi xuruj polshalik askarni hayotdan olib ketgan. Kunar viloyatida esa politsiya kecha garovga olingan britaniyalik va uch afg’onni qidirmoqda.
Ayni paytda, AQShda Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning akasi, Amerika fuqarosi Mahmud Karzayga qarshi jinoiy tergov boshlagan. U soliq to’lashdan bosh tovlaganlik, yulg’ichlikda gumon qilinmoqda. Ishga Afg’oniston banki va afyun savdogarlari ham aralashgani aytilmoqda.
Mahmud Karzay ayblovni rad etib, 12 million dollarlik mol-dunyom qonuniy yo’l bilan to’plangan, deydi. Uning asosiy daromad manbai Massachusets shtatidagi restoran ekani aytiladi.