Pentagon rasmiylariga ko’ra, so’nggi 24 soat ichida taxminan 90 ta samolyot Kobul xalqaro aeroportidan 16 ming odamni evakuatsiya qilgan.
“Imkoniyatlarimizni oshirib, evakuatsiya qilinadigan har bir odamni Kobuldan chiqarishga harakat qilyapmiz”, - deydi AQSh Transport qo’mondonligi rahbari general Stiv Lions.
Tolibon aeroportgacha barcha yo’llarni nazorat qilmoqda. Aeroport tashqarisida ur-yiqit, hamma qochishni istaydi. “Islomiy davlat” jangari to’dasining ehtimoliy xurujlari haqida xavotirlar mavjud.
“Qo’mondonlarimiz bunday hujumlarni qaytarishga tayyor turibdi”, - deydi Oq uy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.
Evakuatsiya ishlariga AQShning 5800 askari qarashmoqda. Oq uy evakuatsiyani 31-avgustgacha yakunlaymiz deya so’z bergan.
Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi qo’shinlar sonini oshirish rejasi yoq’ligini bildirdi.
Amerikalik faxriylar va nodavlat tashkilotlar Amerika prezidentidan har bir amerikalik va hayoti tahdid ostida bo’lgan har bir afg’onni vakuatsiya qilishni so’ramoqda.
“Prezidentning jahon hamjamiyatiga aytayotgan gaplari haqiqatdan yiroq. Aeroportga yetib borishni istagan odamlarning katta qismi buning uddasidan chiqa olmayapti”, - deydi ana shunday tashkilotlardan birining vakili Matt Zeller.
Oq uy evakuatsiya unga ehtiyoj bo’lgunga qadar davom etishini bildirdi.
“Hayoti tahdid ostida bo’lgan afg’onlarni AQSh qo’shinlari chiqib ketganidan keyin ham mamlakatdan chiqarishda davom etamiz”, - dedi Sullivan.
Bu ishni Amerika askarlarisiz qanday amalga oshirish mumkinligi hozircha aniq emas.
"Hozirgi Tolibon va 20 yil oldingi Tolibon o’rtasida hech qanday farq yo’q. 20 yil oldingilari odamlarni o’ldirishgan. Hozirgilari bu ishni qachon boshlashi ma’lum emas. Boshlashguncha ketib qolishni xohlaymiz”, - deydi aeroportga to’plangan afg’onlardan biri.
BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Basheletning BMT Inson huquqlari kengashida aytishicha, Tolibon amnistiya haqidagi va’dalariga qaramay, fuqarolarni va xususan, xavfsizlik kuchlari a’zolarini qatl etmoqda, bolalarni jangarilar safiga yollamoqda, norozilik namoyishlarini bostirmoqda, ayollarga cheklovlar qo’ymoqda.
Bashelet Tolibon harakatlarini yaqindan nazorat qilish uchun maxsus mexanizm yaratishga chaqirdi.
"Tolibon siyosatiga ayollar va qizlarga nisbatan muomalasiga qarab baho beramiz”, - dedi u.
Kobulliklar Tolibonni ish o’rinlarini yaratishga, tinchlikni o’rnatishga, narxlarni tushirishga chaqirmoqda.
"Hammadan kambag’allarga qiyin bo’ldi”, - deydi bir taksi haydovchisi.
Afg’onistonda iqtisodiy ahvol Tolibon hokimiyatga kelmasidan oldin ham ayanchli bo’lgan. Toliblarning g’alabalari esa mahalliy pul birligining qadrsizlanishiga, narxlarning oshishiga olib keldi.
BMTning Jahon Oziq-ovqat dasturi xalqaro hamjamiyatdan Afg’oniston uchun 200 million dollar xayriya so’ramoqda. Tashkilot vakili Antea Vebning aytishicha, qishgacha mamlakatning chekka hududlariga zarur anjomlarni yetkazish lozim.
"Agar hozir chora ko’rilmasa, qishda afg’on xalqi gumanitar ofatga yuz tutadi”, - dedi u.
Vebga ko’ra, gumanitar yordam aholiga hozir yetkazilmasa, qishda tog’ yo’llarini qor to’sib qo’yadi.
Facebook Forum