"Islomiy davlat" jangari to'dasining Afg'oniston poytaxti Kobuldagi xuruji natijasida kamida 63 odam o'lgan, jarohat olganlar soni 183 atrofida. Voqea shialar to'yi marosimi paytida ro'y bergan.
Ichki ishlar vazirligi so'zlovchisi Nasrat Rahimiyning aytishicha, qurbonlar orasida ko'plab ayollar va bolalar bor.
Xudkush bombachi to'yxonaga kirib, sahna oldida o'zini portlatgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg'onistondagi missiyasi rahbari Tadamichi Yamamoto xurujni qoralab, terrorchilar shialarni muntazam ravishda nishonga olib turishini aytdi.
AQShning Afg'onistondagi elchisi Jon Bass ham qatliomni qoralagan.
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani voqeani g'ayriinsoniy harakat deb, xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi mutasaddilari bilan favqulodda majlis o'tkazgan.
Tolibon harakati ham xurujni qoraladi. Guruh vakilining aytishicha, tinch aholi, ayollar va bolalarga qarshi hujumni oqlab bo'lmaydi.
Prezident G'aniga ko'ra, Tolibon ham shu ishga sherik, chunki harakat terrorchilarni platforma bilan ta'minlaydi.
Kelinning otasi xurujda oilasining 14 a'zosi halok bo'lganini aytgan.
"Bu bilan afg'onlarning aziyati, begunoh insonlarga qarshi hujumlar tugamaydi", - dedi o'zini Mirvays deb tanishtirgan kuyov.
Bugun shimoldagi Balx viloyatida yo'l chetiga o'rnatilgan bombaga duch kelgan avtomobil portlab, kamida 11 odam o'lgan. Davlat-Obod tumani hokimi Muhammad Yusufning aytishicha, xurujda ayollar va bolalar ham o'lgan. Voqea ortida kim turgani ma'lum emas.
Bu o'rtada AQSh va Tolibon vakillari muzokaralari davom etmoqda. Muloqot Afg'oniston hukumati ishtirokisiz o'tmoqda. Qo'shma Shtatlar 18 yillik urushga chek qo'yib, qo'shinlarini Afg'onistondan chiqarishga umid qilmoqda. Biroq buning uchun toliblar zo'ravonliklardan voz kechib, hukumat bilan muloqotga rozi bo'lishi kerak.
O'tgan yili Afg'onistonda Tolibon, AQSh va hamkor davlatlar harbiylari, "Islomiy davlat" jangari to'dasi va hukumat kuchlari hujumlarida 3800 dan ziyod tinch fuqaro, jumladan 900 dan ortiq bola o'lgan.
Facebook Forum