Breaking News

Qandahor xurujlardan larzaga keldi, 20 dan ziyod odam o’lgan


Afg’oniston janubida NATO havo bazasi yaqinidagi xurujlar kamida 22 odamni hayotdan olib ketgan.

Rasmiylarning aytishicha, Qandahor viloyatida yuk mashinasi haydovchilari va boshqa oddiy fuqarolar to’planib turgan joyda avvaliga motosikl haydovchisi o’zini portlatgan. Oradan ko’p o’tmay, odamlar yordamga oshiqqan payt yana bir kishi bombani ishga solgan.

Koalitsiya qo’shinlari ijaraga olgan Qandahor aeroporti yonidagi bu xurujlarda taxminan 50 fuqaro jarohat olgani ma’lum. Bu kimning ishi ekani hozircha noma’lum.

NATO Tolibonni tinch aholini qirayotganlikda ayblab, Afg’oniston suverenitetiga tahdid solayotgan illat shular, deb keladi.

Sharqdagi Logar viloyatida, mahalliy rasmiylar so’zlariga qaraganda, alyans havo hujumida 18 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo’lgan.

NATO esa bu amaliyotda bir necha jangari yo’q qilinganini, ikki ayol jarohat olganini aytmoqda. Biroq oddiy fuqarolar orasida talofatlar haqida izoh bermagan.

Koalitsiya mutasaddilari deydiki, Tolibon ketiga tushgan afg’on armiyasi va xorij qo’shinlari jangarilar tomonidan o’qqa tutilgach, NATO havo kuchlari yordamga borgan.

Bu orada, Vashington Pokistonda uchuvchisiz harbiy samolyotlarni qo’llashdan qaytmoqchi emas, chunki Qo’shma Shtatlar terrorchilarni nishonga olish, o’z suverenitetini himoya qilishga haqli. Amerika Mudofaa vaziri Leon Panetta bugun shunday bayonot bilan chiqdi.

Bundan tashqari, deydi u, jangarilar hujumiga uchrab kelayotgan Pokiston xalqi ham bundan naf ko’radi.

Oq uyning kecha tasdiqlashicha, Pokistonning Afg’oniston bilan chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasida Amerika pilotsiz samolyoti amalga oshirgan hamlada al-Qoida rahbarlaridan biri Abu Yahyo al-Libi o’lgan.

Vashington Islomobod bilan aloqalari mustahkam ekani, milliy xavfsizlik har ikki tomon uchun ustuvor ekanini ta’kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG