Breaking News

AQShning Afg’onistondagi qo’mondoni yangilandi


Prezident Barak Obama general Stenli Makkristalni Afg'onistondagi bosh qo'mondonlikdan olib, o’rniga general Deyvid Petreusni tayinlagan.

Makkristal bugun Oq Uyda prezident bilan uchrashib, hukumatni mayna qilib aytgan so’zlari uchun tushuntirish bergan. U shu maqsadda Vashingtonga chaqirtirilgan edi.

Yopiq eshiklar ortida o’tgan 20 daqiqalik uchrashuvdan so’ng prezident Obama generalning iste’fo haqidagi arizasini qabul qilgan.

"Rolling Stones" jurnaliga bergan intervyusida Stenli Makkristal va uning yordamchilari hukumatga nisbatan haqoratomuz gaplar aytib, Afg’onistondagi siyosatni tanqid qilgan, Obama ma'muriyatini sustkashlikda ayblagan.

Maqolada vitse-prezident Jo Bayden, AQShning Afg’onistondagi elchisi Karl Aykenberri, prezidentning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyms Jouns, Amerikaning Afg’onistion va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Richard Xolbruk haqida tanqidiy fikrlar bildirilgan.

Shov-shuv ko’tarilgach, general Makkristal bergan intervyusi yuzasidan uzr so’rab, iste’foga chiqish niyatida ekanini aytgan.

Prezident Obama qo’mondonning xatti-harakatidan g’azabda ekanini aytsa-da, xulosa qilishdan oldin yuzma-yuz gaplashib olishga qaror qilgan edi.

"General Stenli Makkristaldan yurt himoyasi uchun ko'rsatgan xizmatlari uchun minnatdormiz. Biroq uning izohlari, afsuski, oliy martabali qo'mondondan kutiladigan talab-me'yorlarga javob bermadi", - deydi Obama.

Afg’oniston hukumati general Makkristalni qo’llab-quvvatlab, uni ishdan bo’shatmaslikka chaqirgan. “Bu qaror harbiy harakatlarga ziyon qilishi mumkin”, - deydi Hamid Karzay ma’muriyati vakili Vohid Umar.

“Makkristal yollangach, katta yutuqlarga erishildi, fuqaro orasida talofatlar keskin kamaydi”, - deydi u.

Stenli Makkristal prezident Barak Obamaning yangi strategiyasi doirasida, 2009 yilning yozida AQSh va NATOning Afg’onistondagi qo’mondoni etib tayinlangan edi.

Ishga kirishgach u birinchi navbatda oddiy afg’onlar o’limiga sabab bo’layotgan xatolarni kamaytirishga ko’rsatma bergan.

XS
SM
MD
LG