Breaking News

Kobuldagi AQSh elchixonasi evakuatsiya tartibiga o’zgartirish kiritmoqda


AQShning Afg’onistondagi elchixonasi mamlakatda qolgan amerikaliklarga AQSh hukumati vakillarining tavsiyasisiz aeroportga bormaslikni tayinlamoqda. Elchixonaga ko’ra, aeroport darvozalari tashqarisida ularni “Islomiy davlat” jihodchi to’dasining jangarilari poylab turgan bo’lishi mumkin.

Germaniya elchixonasi ham o’z fuqarolarini shu haqda ogohlantirib, Tolibon hududni qattiq nazoratga olganini ma’lum qildi.

Bunday sharoitda AQSh qo’shinlari evakuatsiyaga tayyor odamlarni aeroportgacha xavfsiz yetkazish rejalarini tuzmoqda.

Taklif etilayotgan bir rejaga ko’ra, odamlar shaharning ma’lum joyida kichik guruhlarga to’planib, AQSh harbiylari hamrohligida aeroportga olib boriladi.

“Assoshieytid Press” axborot agentligiga bu haqda ma’lumot uzatgan va ismini oshkor etishni istamagan AQSh rasmiylarining aytishicha, “Islomiy davlat” tahdidi haqiqiydir, biroq ularning hujumlari haqidagi xabarlar hozircha tasdiqlangani yo’q. Rasmiylar Daish tahdidi haqida bundan ortiq ma’lumot berishdan bosh tortdi.

Amerika harbiylari odamlarni blok-postlardan o’tkazish maqsadida Tolibonning mahalliy qo’mondonlari bilan aloqa qilib turibdi.

Amerikalik askarlar yordamida Kobul xalqaro aeroportidan 14-avgustdan beri 17 ming odam, jumladan 2500 amerikalik, iyul oxiridan beri esa taxminan 22 ming odam evakuatsiya qilingan, deydi AQSh armiyasi general-mayori Uilyam Teylor.

Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi brifing paytida muxbirlarga Afg’onistonda qancha amerikalik qolganini aniq ayta olmasligini bildirdi.


AQSh Prezidenti Jo Bayden qo’shinlar Afg’onistondan barcha amerikaliklar hamda o’z hayotini xavf ostiga qo’yib, AQSh hukumatiga urushda yordam bergan afg’onlar chiqarilmagunicha qoladi deya so’z berdi.

"Vatanga qaytmoqchi bo’lgan har bir amerikalikka mamlakatga qaytishiga yordam beramiz. Vaziyat xavfli ekanini anglab yeting. Sizni qutqarish chog’ida qurolli kuchlarimiz hayotini xavf ostiga qo’yishini, bu ish qiyin sharoitda amalga oshirilishini biling”, - dedi Bayden.

Davlat rahbari Tolibon nishoniga tushishi mumkin bo’lgan ittifoqchi va hamkor afg’onlarni ham xavfsiz evakuatsiya qilishga harakat qilamiz, dedi.

General Teylorning juma kuni muxbirlarga aytishicha, Kobul aeroportida evakuatsiya ishlariga taxminan 5800 amerikalik harbiy qarashmoqda.

Oq uyning bildirishicha, odamlar Afg’onistondan C-17 rusumli harbiy samolyotida (oltita reys) va charterga olingan samolyotlarda (32 ta reys) olib chiqilgan.

Aeroport tashqarisidagi to’polon, tartibsizlik va ahyon-ahyondagi zo’ravonliklarga qaramay, deydi Bayden, aeroport nazorati harbiylar qo’lida. Evakuatsiyani 31-avgustgacha yakunlash rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG