Breaking News

AQSh Tolibon bilan Moskvadagi xalqaro muzokaralarda qatnashmaydi


Qo’shma Shtatlar ertaga, 20-oktabr kuni Moskvada Tolibon bilan bo’ladigan xalqaro muzokaralarda qatnashmasligini bildirdi.

Xalqaro hayot – 19-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:56 0:00

"Tryoka Plyus” samarali va konstruktiv forum ekanini namoyish qildi. U bilan aloqa qilishga tayyormiz, biroq bu haftadagi muzokaralarda qatnasha olmaymiz”, - dedi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Afg’oniston bo’yicha maxsus vakil Zalmay Xalilzod lavozimini tark etishini, uning o’rnini o’rinbosari Tomas Vest egallashini ma’lum qildi.

Rossiya Afg’onistonni tiklash va unga gumanitar yordam ko’rsatishga doir Moskva muzokaralariga AQShni ham taklif qilganini bildirdi. Jarayonda Xitoy, Pokiston, Eron va Hindiston vakillari ham ishtirok etadi.

Bu o’rtada aholi xavfsizlik yomonlashayotganidan xavotirda. So’nggi haftalarda Afg’onistonning ayrim hududlarida xurujlar kuzatilgan. Eng so’nggisi o’tgan juma sodir etildi. “Islomiy davlat” jangari to’dasi Qandahorda shialar masjidini portlatib, kamida 41 odamni o’ldirgan. Bundan bir hafta oldin esa shimoldagi Qunduz shahrida ham masjidga hujumda 80 kishi nobud bo’lgan edi.

Tolibon xavfsizlikni kuchaytirishga so’z bergan.

Aholi yangi hukumatdan nafaqat xavfsizlikni, balki iqtisodiy imkoniyatlarni yaxshilashni ham kutmoqda. Ayrim yoshlar erkinliklari cheklanganidan tashvishda.

"Aksariyat kiyimlarim jinsi shim va futbolkalardan iborat. Ularni kiyib ko’chaga chiqolmayman endi. Kiyimlarimni yoqishga majburman”, - deydi 18 yashar Ahmad Fahim.

So’nggi haftalarda milliy kiyim sotadigan do’konlarning bozorlari chaqqon. Tolibondan qo’rqqan aholi garderobini yangilashga kirishgan.

10 yildan beri Kobulda kostyum sotayotgan Bilol Ahmad ismli savdogar ko’p mijozlaridan ayrilganini aytadi. Sartaroshlarning ham ishi yurishmayapti. Ko’plar soqol oldirmay, sochini turmaklashmay qo’ygan.

"Odamlar soqol qirdirmay qo’ygan, qo’rqishadi”, - deydi Sher Ahmad ismli sartarosh.

Afg’onistonlik o’smir qizlar maktabga hanuz chiqa olmayotganidan norozi. Boshlang’ich sinflarda qizlar o’qiy boshlaganiga qaramay, o’rta va yuqori sinf qizlariga maktabga chiqishga ruxsat berilmagan.

"O’qigim keladi, do’stlarim bilan ko’rishgim, kelajagimni yaxshilagim keladi, ammo bunga ruxsat yo’q”, - deydi Omina ismli 16 yashar o’smir.

18-sentabrdan beri barcha yoshdagi o’g’il bolalar maktablarga qaytgan, biroq muallimalar va yuqori sinf o’quvchi qizlari bunday imkoniyatdan mahrum.

Tolibonning tushuntirishicha, qizlar maktabga qaytishidan oldin xavfsizlikni, ularning maktabga muammosiz qatnashini ta’minlash kerak.

Omina jurnalist bo’lishni orzu qilgan, ammo Tolibon kelganidan beri orzulari puchga chiqqanini aytadi.

"Nega o’g’il bolalarga o’qish mumkinu, qizlarga mumkin emas? Biz bu jamiyat a’zosi emasmizmi? Nega faqat o’g’il bolalarning kelajagi porloq bo’lishi kerak?” - deydi u.

"Qizlar o’qishga qaytmasa, hayoti barbod bo’ladi. Ularga ta’lim berishga, o’qimishli bo’lishiga harakat qildim, ammo hozir buning iloji yo’q”, - deydi Ominaning otasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG