Breaking News

Pokiston- Afg'oniston chegarasida nazorat kuchaytiriladi


Pokistonning Afg'oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlari
Pokistonning Afg'oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlari
Xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etishga hozirlanar ekan, Pokistonning federal boshqaruv ostidagi qabilaviy hududlari yuzasidan xavotirlar oshmoqda. Mintaqa ustidan davlat nazorati zaif bo’lgani uchun, tahlilchilar fikricha, xalqaro kuchlar ketishi bilan bu hudud xalqaro terrorizmning yangi markaziga aylanishi mumkin.
Pokistonning qabilaviy hududlari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:10 0:00
Yuklab oling
Pokiston shimoli-g’arbida joylashgan yarim-avtonom viloyatda 5 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mintaqa tumanlarining deyarli barchasi Afg’oniston bilan chegaradosh.

Azaldan bu mintaqa qurol va giyohvandlik savdosi hamda odam o’g’irlash bilan shug’ullanuvchi jinoyatchilarga boshpana berib kelgan. O’tgan asrning 80-yillarida bu yer sovetlarga qarshi AQSh homiyligida olib borilgan kurashda mujohidlar uchun tayyorgarlik markazi vazifasini o’tagan.

Shundan beri mintaqa notinch, deydi tadqiqotchi Ahmad Rashid.

“80-yillarda AQSh va Pokistonning razvedka idoralari Afg’onistondagi mujohidlarga atalgan katta miqdordagi qurollarni shu yerga olib kelardi. Bu qurollarni Afg’onistonga o’tkazib, sovetlarga qarshi kurashda foydalanish uchun chegara bo’ylab minglab kilometr yo’llar qurilgan”, - deydi u.

1989-yil sovet kuchlari Afg’onistonni tark etgandan keyin ham Pokiston Afg’onistondagi ta’sirini saqlab qolish uchun turli guruhlarga qurol yetkazib berishda davom etdi. Rashidning aytishicha, bugungi kungacha qabilaviy hududlar Afg’onistondagi isyonchilar uchun markaziy baza vazifasini o’tamoqda.

“2003-2004-yillarda Tolibon guruhining qayta jonlanishiga Pokiston yordam berdi. Bu ishda qabilaviy hududlar muhim rol o’ynadi. Toliblarning aksariyati shu yerda joylashgan edi”, - deydi Ahmad Rashid.

Vashington va Kobul uzoq yillardan beri Afg’onistonga uyushtirilayotgan hujumlar Pokistonning shimoli-g’arbiy mintaqasidan kelayotganini aytadi.

Pokiston armiyasi so’nggi yillarda qabilaviy hududlarda ekstremist guruhlarni yo’q qilish uchun harbiy amaliyotlar o’tkazdi, ammo ularning, AQSh va Afg’oniston talab qilganidek, keng miqyosda amalga oshirilmagani aytiladi. Natijada Vashington mintaqadagi terrorchilik obyektlarini dronlar orqali yo’q qilish amaliyotini boshladi. Oddiy fuqarolarning ham o’limiga sabab bo’lgan bu amaliyot Islomobodning keskin noroziligiga sabab bo’ldi.

Pokiston mintaqada ekstremistlar in qurganini va ular Pokistonning o’zida minglab odamlar hayotiga zomin bo’lganini tan oladi. Ammo shtatlar bo’yicha Pokiston vaziri Abdul Qodir Baluchning aytishicha, mintaqani to’liq davlat nazorati ostiga olish yo’lida bir qator qiyinchiliklar mavjud.

“U yerda ko’plab odamlar o’z uylarini tark etib ko’chishga majbur bo’ldi. Qabilaviy jamoalar haddan ziyod radikallashgan. Katta miqyosdagi qotilliklar ro’y bermoqda. Davlat nazorati juda zaiflashgan. Natijada jamiyat parokandalikka yuz tutmoqda”, - deydi vazir.

Pokiston hukumati mintaqada vaziyatni o’nglash uchun jiddiy choralarni amalga oshirmadi. Harbiy amaliyot yoki siyosiy islohot o’tkazish o’rniga, rasmiy Islomobod vaziyatni o’z holicha qoldirish yo’lini tutdi.

Pokistonning qabilaviy hududlar ushun mas’ul rasmiylaridan biri Yusuf Rahimining aytishicha, mintaqada harbiy amaliyotlarni amalga oshirishdan oldin iqtisodiy-ijtimoiy muammolarga yechim topish kerak.

“Mintaqaning 60 foiz aholisi qashshoq. Iqtisodiyot abgor holatda bo’lgani uchun ishsizlik yuqori. Shuningdek, aholining savodxonlik darajasi 17 foiz atrofida, xolos”, - deydi Rahim.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifga ko’ra, mintaqada kuchayib borayotgan ekstremizm Pokistonga jiddiy xavf solmoqda. Ayni paytda markaziy hukumat mahalliy Tolibon guruhi bilan tinchlik muloqoti olib borishga urinmoqda. Shu bilan birga, harbiy amaliyotlarni amalga oshirish masalasi kun tartibidan olib tashlanmagan.

Markaziy hukumat nazoratini kuchaytirish uchun huquqiy islohotlarni ham amalga oshirish ko’zda tutilmoqda. Britaniya mustamlakasi davridan qolgan eski qonunlar bekor qilinib, mintaqaga Pokistonning boshqa viloyatlari kabi bir xil maqom berilishi mumkin. Shundan so’ng bu yerda politsiya kuchlarini va sud tizimini barpo etish, natijada jinoyatchilikni kamaytirish imkoni paydo bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG