Breaking News

Tolibon hujumlari Kobul va Islomobod aloqalariga soya solmoqda


Afg'on bolalari eski sovet tanki ustida o'ynamoqda. Qandahor. 1-oktabr 2013-yil
Afg'on bolalari eski sovet tanki ustida o'ynamoqda. Qandahor. 1-oktabr 2013-yil

Afg’oniston va Pokiston rahbarlari ziddiyatlarga to’la aloqalarni yaxshilash niyatida. Bunday o’zgarish ortida turgan asosiy arbob – Afg’oniston Prezidenti Abdulla G’ani. Shu hafta Islomobdda bo’lib o’tgan tadbirda ochiq muloqot qilish oson bo’lmadi, chunki aynan shu kunlarda Tolibon Afg’onistonda hujumlar uyushtirmoqda.

Afg’oniston Prezidenti Abdulla G’ani Islomobod bilan aloqalarni yaxshilashga urinmoqda. Natijada afg’onlar orasida uning obro’si pasayib ketdi.

Ikki davlat razvedka sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi, biroq afg’on deputatlari buni tanqid qilmoqda. Ularning aytishicha, hamkorlik evaziga Abdulla G’ani Islomobddan Tolibonni Afg’onistonga hujum qilmay, Kobul bilan muzokara boshlashga undashni so’ragan.

Ammo havo isishi bilan toliblar hujumlarni jadallashtirdi. Bu esa Islomobod va’dalari ustidan chiqmayapti, degan gaplarning tarqalishiga olib keldi.

Dovud Muradyan Afg’onistonning Strategik tadqiqotlar instituti rahbari.

“Muzokaralarning hozirgi pallasida afg’on delegatsiyasi “kelasi uch oy katta ahamiyatga ega, Prezident G’ani afg’on xalqiga bor natijalarni namoyish qilishi kerak”, demoqda. Albatta, hech kim keskin o’zgarish kutmayapti, ammo hamma tinchlik jarayoni boshlanishi, zo’ravonliklar esa kamayishi kerak, degan fikrda,” - deydi u.

Afg’oniston va Pokistondan deputatlari hamda tahlilchilar shu hafta Islomobodda yig’ilib, chegaraning har ikkala tarafida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi, takliflar ilgari surdi.

Yig’in davomida ikki taraf bir-biriga to’la ishonmasligi ham ayon bo’ldi. Afg’on ishtirokchilar Islomobodni Tolibon yetakchilariga Pokiston shaharlarida panoh berganlikda ochiqchasiga aybladi.

Tahlilchi Moradyan afg’onlar orasida Tolibon Pokiston harbiylari ta’siri ostida qolyapti, degan fikr keng tarqalganini aytadi.

Ammo konferensiyada Pokiston Bosh vaziri maslahatchisi Sartaj Aziz Tolibonning bahorgi hujumlarining Pokistonga aloqasi yo’q, deya ta’kidladi. U, shuningdek, NATO qo’shinlari Afg’onistondan olib chiqilganidan keyin birinchi yoz mavsumida guruh darhol hujumlarni to’xtatadi, deyish ham noto’g’ri, deb aytdi.

Pokistonnong yana bir rasmiysi Simbal Xonga ko’ra, ayrim Tolibon yetakchilari Pokistonda yashasa-da, davlat rahbarlari ularga ta’sir o’tkaza olmaydi. Rasmiy Islomobod tinchlik va barqarorlik o’rnatilishi yo’lida ter to’kmoqda, deydi rasmiy.

“Ha, Pokistonda Tolibon rahbariyati joylashgan. Anchadan beri shunday. Ammo operatsiyalar Afg’oniston hududidan amalga oshiriladi. Tolibon Pokiston siyosati bilan hamohang siyosat olib boradi, deyish noto’g’ri,” - deydi u.

NATO qo’shinlari Afg’onistondan olib chiqilganidan so’ng toliblar bu mamlakatga qaytdi, deydi Xon.

U so’nggi oylarda Qatar, Norvegiya va Dubayda afg’on siyosatchilari, fuqaroviy jamiyat vakillari va hatto ayol deputatlar Tolibon rasmiylari bilan uchrashganini aytadi.

Afg’on delegatlari toliblar bilan muzokaralarni ma’qullasa-da, ammo jarayon samara berishiga ishonmayapti. Biroq afg’onistonlik deputat Nahid Farid ayol delegatlarining so’zlashuvarda qatnashishi muhim o’zgarish, deydi.

“Hozirda ayollar toliblar bilan so’zlashuvlar olib boryapti. Demak, Tolibon ayollarni inobatga olmoqda, ularni muammo yechimining bir qismi sifatida ko’rmoqda. Bu biz uchun juda muhim,” - deydi u.

Afg’on ayollari tinchlik jarayonini qo’llab-quvvatlashda davom etadi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG