Breaking News

Tolibon: Islobomodda erishilgan tinchlik rejasidan foyda yo'q


Afg'oniston, Pokiston, AQSh hamda Xitoy diplomatlari Islomobodda yig'ilib, Tolibon harakatini tinchlik muzokaralariga ko'ndirish rejasini qabul qildi.

To'rt davlatdan iborat koordinatsion guruh jangarilar bilan muloqot kunlarini belgilashini aytib, Tolibon harakatiga a'zo barcha guruhlarni unda qatnashishga chaqirdi.

Maqsad - Afg'oniston hukumati va jangarilar o'rtasida dialogni yo'lga qo'yish va shu orqali urushga yakun yasash. Ammo Tolibonning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, bu jarayonlar bir tomonlama va natija bermaydi.

"Xorijliklar bizning mamlakatda urushni davom ettirib, begunoh afg'onlarni o'ldirmoqda. Ular mamlakatni tark etishi kerak. Bunday sharoitda biz jangni davom ettirishga majburmiz", - deydi Tolibon vakili.

Avvalroq toliblar boshqa talablarni ham olg'a surgan edi. Jumladan, harakatning qamoqdagi a'zolarini ozod etish, Tolibon yetakchilariga qo'yilgan moliyaviy va boshqa turdagi sanksiyalarni olib tashlash.

Tolibon rahbariyati, deydi afg'on rasmiylari, Pokistondan turib faoliyat olib boradi va bu davlat murosani rad etuvchi guruhlarga qarshi keskin choralar ko'rishi kerak. Islomobod bunday qarashlarni rad etadi.

Afg'oniston, Pokiston, AQSh hamda Xitoy tuzgan koordinasion guruh o'tgan oy tuzilgan bo'lib, bu ularning uchinchi uchrashuvi. Oldingi yig'inlardan biror natija bo'lgani yo'q.

Afg'oniston va Tolibon haqida qator kitoblar muallifi Ahmad Rashid deydiki, to'rt davlat yopiq eshiklar ortida nimani gaplashayotgani haqida jamoatchilik hech narsa bilmaydi.

Rasmiy Kobul o'tgan yoz o'xshash tashabbus bilan chiqqan edi. Ammo Tolibonning uzoq yillik rahbari Mulla Umar o'lgani ayon bo'lgach, muzokaralar to'xtab qolgan.

Afg'onistondagi inson huquqlari faollari Tolibonni tinchlikka ko'ndirish harakatlarini xavotir bilan kuzatmoqda. "Kelishuv imzolash ilinjida hukumat so'nggi 15 yil ichida xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash yo'lida erishilgan yutuqlarni boy berishi mumkin", deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG