Afg’onistonni Qayta qurish bo’yicha bosh inspektor idorasi ma’lumotiga ko’ra, 2024-yilgacha Kobul hukumati xarajatlari uchun yana bir necha milliard dollar qo’shimcha yordam kerak bo’ladi. Bu haqda “AP” agentligi xabar qildi. Xalqaro homiylar esa mamlakatda korrupsiya chuqur ildiz otganidan shikoyat qilmoqda.
Afg’oniston xarajatlarining 75 foizi xalqaro donorlar hisobidan qoplanadi. Hukumat faqat qolgan 25 foizini ichki daromadlar orqali to’ldiradi.
Afg’onistonni Qayta qurish bo’yicha bosh inspektorning so’nggi hisobotiga ko’ra, rasmiy Kobul korrupsiyaga qarshi yetarli darajada kurashmayapti.
Prezident Ashraf G’ani ma’muriyati xalqaro hamjamiyatni rozi qilish uchun korrupsiyaning ildizini quritishdan ko’ra qog’ozda ko’rsatiladigan natijalarga ko’proq e’tibor qaratmoqda, deyiladi hisobotda.
2019-yil oxirida yuz bergan prezidentlik saylovi natijalari hanuz e’lon qilinmagan. Dastlabki natijalar G’anining g’alaba qozonganini ko’rsatgan bo’lsa-da, uning raqibi Abdulla Abdulla firibgarlik yuz berganini da’vo qilmoqda.
“Transparency International” tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, Afg’oniston Osiyo-Tinch okeani mintaqasida korrupsiyaga eng botgan mamlakat. 180 mamlakat orasida u 173-o’rinni egallagan.
Har yili xalqaro hamjamiyatdan milliardlab dollar yordam olishiga qaramay, Afg’onistonda qashshoqlik borgan sari kengayib bormoqda. 2012-yil aholining 37 foizi qashshoq hisoblangan bo’lsa, bugun bu raqam 55 foizga yetgan.
2019-yilning oxirgi choragida chiqarilgan hisobotda AQSh yetakchiligidagi xalqaro hamjamiyat har yili Afg’onistonga xavfsizlik, ta’lim, sog’liqni saqlash va iqtisodiy dasturlar uchun 8,5 milliard dollar ajratishi ko’rsatilgan. Mudofaa va xavfsizlik kuchlarining o’ziga Vashington har yili 4,2 milliard dollar to’laydi.
Bu raqamlar BMT qoshida Afg’oniston bo’yicha xalqaro donorlar uchrashuvi arafasida e’lon qilindi. 2016-yilgi uchrashuvda xalqaro hamjamiyat Afg’oniston uchun 16 milliard dollar ajratishga kelishgan edi.
AQSh rasmiylarining aytishicha, 2020-yilgi donorlar yig’inida korrupsiya eng muhim masala sifatida ko’tarilishi kerak. Vashington korrupsiyaga qarshi tekshiruvlarni kuchaytirishni, ularning natijasiga qarab mablag’larni qaysi sohalarga yo’naltirishni belgilashni hamda aniq natijalarni kuzatib borish mexanizmini joriy qilishni tavsiya qiladi.
“Xalqaro hamjamiyat va mahalliy hamkorlar birga ishlash orqali Afg’onistonda korrupsiyaning ildiziga bolta urishi mumkin. Ammo tizimli o’zgarishga erishish uchun biz shu paytgacha ko’rgan quruq va’dalardan ko’ra ko’proq ishlar amalga oshirilishi kerak”, - deydiladi bosh inspektor hisobotida.
Hisobot Afg’onistonda zo’ravonlik holatlari kuchayib borayotganiga ham e’tibor qaratadi. Xalqaro donorlar tomonidan moliyalanadigan afg’on xavfsizlik kuchlari muvaffaqiyatli amalga oshirgan amaliyotlar soni ham joriy yilda kamaygan.
O’tgan yilga solishtirganda, shuningdek, 2019-yil maydan oktabrgacha halok bo’lgan afg’on askarlari miqdori oshgan. Isyonchilar hujumlari soni ham ko’paygan.
Bugun Afg’onistonning yarmidan ko’pi Tolibon nazoratida. Deyarli har kuni mamlakatning turli nuqtalarida hujumlar yuz berib turadi. O’tgan yilning so’nggi choragida Afg’oniston armiyasi amalga oshirgan harbiy amaliyotlar har qachongidan kam bo’lgan. Ularning faqat 31 foizi AQSh yoki xalqaro koalitsiya yordamisiz mustaqil amalga oshirilgan. 2018-yilda bunday amaliyotlar 55 foizdan ortiq bo’lgan.
Ayni paytda AQSh Qatarda Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirmoqda. Zo’ravonliklarni qanday to’xtatish bo’yicha mavjud kelishmovchiliklar tufayli muloqot bir necha marta to’xtab qoldi.
Agar zo’ravonliklar kamaysa, AQSh va Tolibon so’nggi bitimga imzo qo’yishi mumkin. Unda Amerika askarlarining vataniga qaytishi hamda Tolibon Afg’onistonda AQShga qarshi terror xurujlari amalga oshirilishiga yo’l qo’ymasligi kabi shartlar tilga olingan.
2002-yildan beri Afg’onistonga gumanitar yordam va qayta qurish loyihalari uchun 132,49 milliard dollar mablag’ ajratilgan.
Facebook Forum