Breaking News

Panjsherda Tolibonga qarshi harakat avj olyapti


Marhum Ahmad Shoh Mas'udning o'g'li Ahmad Mas'ud - Tolibonga qarshi harakat yetakchisi
Marhum Ahmad Shoh Mas'udning o'g'li Ahmad Mas'ud - Tolibonga qarshi harakat yetakchisi

Afg’onistonning poytaxt Kobuldan 150 kilometr narida joylashgan Panjsher viloyati Tolibonga bo’ysunmagan yagona hudud bo’lib qolmoqda. Toliblar u yerga qochgan vitse-prezident Amirulla Solih va Mudofaa vaziri Bismillo Xon Muhammadiyga taslim bo’lish uchun 4 soat muhlat bergan.

Xalqaro hayot – 23-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:38 0:00

Asosan tojiklar yashovchi hudud Afg’onistonni sovetlar ishg’ol qilganida ham, Tolibon mamlakatni ilk bor qo’lga olganida ham taslim bo’lmagan.

2011-yilda al-Qoida tomonidan o’ldirilgan Ahmad Shoh Mas’ud har ikki paytda ona yerini qattiq himoya qilgan. Endi uning o’rnini o’g’li Ahmad Mas’ud egallamoqda. Mas’ud Tolibonga muzokara hamda yangi hukumatga turli kuchlarni kiritishni taklif etdi, biroq toliblar ko’nmasa, jang qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Tolibon Panjsherga qo’shin yuborganini ma’lum qildi.

Bugun Rossiya, Belarus va Tojikiston prezidentlari MDH davlatlarining Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining onlayn majlisida Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qildi.

"Rossiya prezidentining bu masalada umumiy pozitsiyaga ega bo’lishimiz kerakligi haqidagi gapiga qo’shilaman. Barcha rasmiyatchiliklarni chetga surib qo’yib, Dushanbeda bo’ladigan sammitgacha umumiy pozitsiyamizni ishlab chiqishimiz kerak”, - dedi Aleksandr Lukashenko.

Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskovning aytishicha, Afg’onistonda “Islomiy davlat” jihodchi to’dasining haligacha borligi Rossiya xavotiriga sabab bo’lmoqda.

Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni bir hafta oldin qo’lga olganidan beri Kobulda mahalliy pul kursi tushib, oziq-ovqatga narxlar oshgan, ko’p banklar va “Western Union” ishlamayapti. Natijada ayrim odamlar bank hisobidagi pulini yechib olishga ojizlik qilyapti, xorijdan pul o’tkazmalari kelmayapti.

AQSh va Yevropa mamlakatlari Tolibon zulmidan qochishga urinayotgan afg’onlarni o’z mamlakatlariga olib kelmoqda. Xususan, Afg’onistonning nogironlar aravachasidagi basketbol jamoasi sardori Nilufar Bayat va uning turmush o’rtog’i Ispaniyaning Bilbao shahriga evakuatsiya qilindi.

28 yashar Bayatning Kobuldagi uyi 26 yil oldin Tolibon hujumiga uchrab, ikki yoshli qizaloqning orqa miyasi lat yegan, akasi esa halok bo’lgan edi. Umr yo’ldoshi Ramesh Naik Zoy ham mina portlashida yaralangan.

Bilbaodagi nogiron basketbolchilar jamoasi Nilufarni klubga taklif etdi. Sportchi Afg’oniston Tolibon qo’lida rivojlanmasligini aytadi.

"Ular so’nggi 20 yilda qo’lga kiritilgan barcha yutuqlarni chilparchin qiladi”, - deydi u.

Tolibon Kobulni qo’lga kiritgan kun Afg’onistondan qochgan taniqli afg’on fotomuxbiri Mas’ud Husayniyning aytishicha, toliblardan mehr-muruvvat kutish xatodir. Mashhur Pulitser sovrini sohibiga ko’ra, ular hokimiyatni qo’lga to’liq olishi bilan zulm kampaniyasini boshlaydi.

"Aslida zo’ravonliklar boshlangan”, - deydi 15-avgust kuni Istanbulga uchgan so’nggi tijoriy reysga chiqishga muvaffaq bo’lgan fotosuratchi.

"Inson huquqlari faollarining ma’lum qilishicha, Tolibon hazoralarni o’ldirishga kirishgan. Bu qatliom”, - deydi Niderlandiyadan boshpana olgan Husayniy.

Xabarlarga ko’ra, Tolibon o’z jangchilariga turmushga chiqarish maqsadida yosh juvonlar, bevalar va afg’on milliy armiyasida xizmat qilgan askarlar rafiqalarining ro’yxatini tuzmoqda.

Husayniy Kobuldagi ziyoratgohga suiqasd hujumi paytida yig’lab o’tirgan qiz suratini olgani uchun 2012-yilda Pulitser sovrinini qo’lga kiritgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG