Breaking News

Manba: Tolibon Afg'onistonda muvaqqat hukumat tuzilishiga rozi


AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod jurnalistlar bilan suhbatda, Kobul, 18-noyabr, 2018
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod jurnalistlar bilan suhbatda, Kobul, 18-noyabr, 2018

Qo’shma Shtatlarning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod o’tgan hafta Tolibonning Qatardagi vakillari bilan ushrashgan. Har ikki tomon uchrashuvlar tafsilotlari haqida hech narsa demayapti.

Kobulda matbuot anjumanida so’zlagan Halilzod muloqot natija berishiga umid bildirgan.

“Tolibon urush yo’li bilan muvaffaqiyatga erishmasligini anglagan”, - deydi u.

Zalmay Halilzod Tolibon harakati “yaratilgan imkoniyat”dan foydalanishi kerak, deya ta’kidlamoqda.

Tolibon guruhidagi manbalardan birining “Associated Press” axborot agentligiga bildirishicha, harakat vakillari Afg’onistonda vaqtinchlik hukumat tuzilishini taklif qilgan. Muvaqqat hukumatga Abdul Sattor Siyrat rais etib tayinlanishi toliblar istaklaridan ekani aytilmoqda.

Zalmay Halilzod Tolibon harakatidan muvaqqat sulhga kelishib olishni taklif qilgan. Ushbu taklif harakat vakillari tomonidan rad etilgan.

Tolibon Afg’onistonda 2019-yilning apreliga belgilangan prezident saylovi o’tkazilishiga ham qarshilik bildirgan.

Abdul Sattor Siyrat kim?

Abdul Sattor Siyrat 1937-yili Afg’onistonning Samangon viloyatida tug’ilgan. Millati o’zbek. Islomiy bilimlar doktoranti.

Siyrat 2001-yili Tolibon hokimiyatdan ag’darilishi ketidan Bonn shartnomasi doirasida vaqtinchlik hukumat raisligi uchun ko’pchilik ovozni to’plagan. Lekin qavmiy masalalar o’rtaga chiqib, uning o’rniga Hamid Karzay muvaqqat hukumat raisi deya e’lon qilingan.

Afg’oniston hukumatining hozirgi tuzilishi o’sha shartnomada belgilangan edi.

Abdul Sattor Siyrat hozirgi kunda AQShda istiqomat qiladi.

Shuningdek, Prezident Ashraf G’ani tinchlikka erishish maqsadida Maslahat Kengashi tuzishni taklif etmoqda. U mamlakatdagi vaziyat va tinchlik muzokaralari dasturi doirasida siyosiy rahbarlarning fikr-mulohazalarini o’rganmoqda.

Maslahat Kengashi muzokaralar bo’yicha hukumat va tinchlik oliy kengashiga maslahat berishi nazarda tutilgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG