Breaking News

Tolibon AQSh bilan bevosita muloqot qilishni istaydi


Afg'oniston Toliboni rahbari Haybatulla Oxunzoda bu mamlakatda urushga yakun yasash uchun Qo'shma Shtatlarni yana bir bor bevosita muloqotga undamoqda. Bu jangari guruh Kobul hukumati bilan muloqotga ko'nadi degan umidlarni puchga chiqardi.

Ramazon hayiti munosabati bilan qilgan bayonotida Oxunzoda Tolibon olib borayotgan harbiy kampaniyani himoya qildi. Amaliyotlar davom etadi, deydi u, chunki AQSh boshchiligidagi "xorijiy istilochi kuchlar" hamon Afg'onistonda.

"Agar AQSh rasmiylari afg'on mojarosiga tinch yo'l bilan xotima yasashga ishonsalar, muzokara stoliga o'tirishsin. Asosan, Afg'oniston va Amerika xalqlariga ziyon keltirayotgan bu fojiani muloqot orqali hal qilish mumkin", - deyiladi Tolibon bayonotida.

Oxunzoda AQSh harbiylarini afg'on qishloqlarini bombardimon qilib, aholiga "o'z mafkurasini" o'tkazayotganlikda ayblaydi.

"Bu falokatlardan o'zimizni qutqarishning yagona yo'li - chet ellik kuchlar mamlakatni tark etishi, Afg'onistonda mustaqil islomiy hukumat ildiz otishiga yo'l berilishi", - deydi Tolibon rahbari.

"Amerika rasmiylarining eng xatta xatosi - ular har bir muammoga o'jarlik bilan yondashadi. Lekin hamma narsani kuch bilan hal qila olmaysiz", - deya qo'shadi u.

Vashington toliblar bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokara qilish taklifini allaqachon rad etgan va jangarilarni Kobul bilan muloqotga undab kelmoqda.

"Muhokamada qatnashishga tayyormiz, lekin afg'on hukumati va xalqining o'rnini bosa olmaymiz", - deydi AQSh prezidenti maslahatchisi Liza Kurtis.

Toliblar hayit bayrami davomida Afg'oniston armiyasiga qarshi hujumlarni to'xtatishga va'da bergan. 12-iyun kuni Prezident Ashraf G'ani ham bir haftalik sulh e'lon qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG