Turkmaniston gazini Afg’oniston va Pokiston orqali Hindistonga yetkazib berishga mo'ljallangan TAPI loyihasining Afg’oniston qismida qurilish boshlanar ekan, uning mamlakat ravnaqi va barqarorligiga ta’siri ijobiy bo’ladi degan qarash kuchli.
Afg’oniston ilk bor bunday yirik tashabbusga sherik bo’lyapti. TAPI to’liq ishga tushsa, mamlakatning tranzitdan tushadigan daromadi 400 million dollar bo’ladi.
Gaz quvurining Afg’onistondagi bo’lagi qurila boshlandi. Tadbirda so’zlagan Prezident Muhammad Ashraf G’ani mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
Afg’oniston rahbari loyihaga sherik davlatlar yordamida mamlakatda tinchlik ta’minlanishi, xalq iqtisodiy ahvoli yaxshilanishiga ishonch bildirdi.
Juzjon universitetidan tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy ushbu loyiha Afg’onistonning ham iqtisodiy, ham xavfsizlik vaziyatiga ta’sir qilishiga umid bildiradi.
“So’nggi yillardagi o’zgarishlarga nazar tashlaydigan bo’lsak, vaziyatning salbiy va ijobiy tomonlari bo’lgan. Ayrim sarmoyadorlar sarmoyalarini Afg’onistondan olib chiqqan yoki faoliyatni susaytirgan. Ijobiy o’zgarishlarni aytadigan bo’lsak, Afg’oniston Osiyo davlatlarini bog’lab turuvchi sifatida rol o’ynayapdi. Katta iqtisodiy loyihalar ishga tushmoqda. Bu o’zgarishlar Afg’onistonning xavfsizligiga ta’sir qiladi degan fikrdaman. Ayni holda, qashshoq xalqning vaziyatini yaxshilashida ham o’z hissasini qo’shadi degan umiddaman”, - deydi Muqimiy.
Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov Afg’onistonga har tomonlama yordam berishni va’da qildi.
“Bugun barchamiz uchun ulug’ bayram. Biz bu bayramni Afg’oniston, Pokiston, Hindiston xalqi bilan birgalikda nishonlamoqdamiz”, - deydi u.
Afg’oniston taraqqiyoti, rivoji va barqarorligi uchun ko’mak ko’rsatishini ta’kidlagan Turkmaniston rahbari mintaqaviy hamkorlik kengayishiga umid bildirdi.
“Ish bo’lib tursa, hech kim qurol ko’tarib jang qilmaydi. Siyosat iqtisodsiz bo’lishi mumkin emas, shu loyiha sababi siyosiy vaziyat ham yaxshi bo’lishi mumkin. Mamlakatlar o’rtasidagi siyosiy aloqalar yuksalsa Afg’oniston kelajagi ham yorqin bo’lishi mumkin”, - deydi Juzjon universitetidan Muhammad Basir Muqimiy.
Loyiha xavsizligini ta’minlashda barcha sherik davlatlar yakdil. Afg’onistonda qurilish boshlanishi arafasida Tolibon guruhining bir qismi uni qo’llab-quvatladi.
“Bundan manfaatdor bo’lmagan davlatlar loyihaga zarar yetkazishga harakat qilishi mumkin. Eron va Rossiya Afg’oniston tarqqiyoti tarafdori emas bo’lishi ham mumkin. Chunki Afg’oniston mintaqa uchun “mardikor” bo’lib kelgan. Shunday ekan, birdamlik zarur, vaziyatni yaxshilab boshqarish kerak. Hamma shundan manfaatdor ekanini sezishi lozim”, - deydi Muqimiy.
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Mubashshir Jovid Akbar mintaqa davlatlarini ziddiyatlarni to’xtatib, yangi avlod uchun yorqin kelajak qurishga chaqirdi. Uning fikricha, hozirgi ziddiyatlarni o’tmishda qilingan xato qarorlar natijasidir.
Facebook Forum