Breaking News

Tramp Tolibon bilan muzokara davom etishiga ishora qilmoqda


Afghan security
Afghan security

Prezident Donald Tramp Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralari qayta boshlanganiga ishora qilmoqda va yana bir bor Afg'onistondan harbiylarni olib chiqishini ta'kidladi.

"Afg'onistonda [askarlar sonini] keskin qisqartiryapmiz. Tolibon bilan kelishuv ustida ishlayapmiz, nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi", - dedi AQSh rahbari "Fox News" telekanali bilan suhbatda, ammo tafsilotlar bilan bo'lishmadi.

Hafta boshida afg'on hukumati Tolibonning qamoqdagi uch yetakchisini ozod etdi, jangarilar esa g'arblik ikki professorni Kobulga topshirdi. Tolibon o'z xohishi bilan, shuningdek, mahalliy 10 askarni qo'yib yuborgan.

2016-yildan buyon Tolibon garovida saqlangan amerikalik Kevin King va avstraliyalik Tim Viksning ozod etilishi AQSh va Tolibon o'rtasida tinchlik muzokaralari qayta boshlanishiga olib kelishi mumkin degan qarashlar keng tarqalgan.

"Bu [asirlarni ayirboshlash] sulhga ham, uzoq muddatli urush tugashiga ham olib keladi deb umid qilamiz", - deya tvit qildi Tramp.

"Amerika Ovozi" Trampning gaplariga izoh berishni so'raganida, Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid shunday javob berdi: "Bu haqda gapirishga hali erta".

Sentabr boshida Prezident Tramp Tolibon hujumlarida odamlar, xususan bir amerikalik askar halok bo'lganini tilga olib, kutilmaganda bir yillik muzokaralarni to'xtatgan. Tomonlar muayyan shartlar asosida kelishuv imzolashga yaqin turgan edi.

"O'tgan gal kelishuvga erishishga uringanimizda, toliblar odamlarni o'ldirib muzokarada ustunlikni qo'lga kiritamiz deb o'ylashgan", - deydi Tramp.

AQSh muzokarachisi Zalmay Halilzod mahbus ayirboshlash muvaffaqiyatli amalga oshgani zo'ravonlik kamayishiga, Afg'oniston hukumati va Tolibon ishtirokidagi siyosiy kelishuvga olib kelishiga umid qilmoqda.

"Afg'on xalqi tinchlik va xavfsizlik istaydi, AQSh ularni qo'llab-quvvatlaydi", - deydi u.

Biroq Tolibon so'zlovchisi Suxail Shahin guruh mahbuslar ozod etilgani ketidan Kobul bilan yuzma-yuz gaplashishga rozi bo'lgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Tolibon nazarida afg'on hukumati AQShning qo'g'irchog'i va hech qanday kuchga ega emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG