Breaking News

Tramp: Tolibon bilan gaplashmaymiz


Afg'on xavfsizlik kuchlari
Afg'on xavfsizlik kuchlari

Prezident Donald Tramp o’tgan hafta Afg’onistonda sodir etilgan qonli xurujlarni qoraladi. Uning aytishicha, Vashington ko’plab begunoh insonlarni o’ldirayotgan Tolibon bilan muzokara qilishni istamaydi. AQShning Afg’onistondagi urushi bo’yicha chop etilgan so’nggi hisobotga ko’ra, Qo’shma Shtatlar bu mamlakatda harbiy amaliyotlarini oshirgani bilan xavfsizlik yaxshilangani yo’q.

So’nggi bir haftada to’rtta qonli xuruj mamlakatni larzaga soldi. Ayniqsa, poytaxt Kobulda mashinaga o’rnatilgan bomba portlashida 150 odam o’lgan. Afg’onistonda motam e’lon qilindi. Tolibon xurujlarga aloqador ekanini tan oldi. Dushanba kuni Prezident Tramp BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari bilan vaziyatni muhokama qilgan.

“Ko’plab begunoh insonlar o’lmoqda. Bolalar, oilalar nobud bo’lmoqda. Tolibon bilan muzokara qilishni istamaymiz”, - dedi Tramp.

O’tmishda Qo’shma Shtatlar Afg’oniston hukumatining Tolibon bilan muloqoti ehtimolini qo’llab-quvvatlab kelgan edi.

Vashingtondagi Vilson tahlil markazi eksperti Maykl Kugelmanning aytishicha, Tolibon qanday bo’lmasin hukumatni zaiflashtirmoqchi. Buning bir yo’li, deydi u, hukumatning xalqni himoya qilishga, xavfsizlikni ta’minlashga ojizligini ko’rsatish.

Tramp prezidentlikka kelishi bilan Afg’onistondagi amerikalik qo’shinlar sonini oshirib, 11 mingga yetkazdi. Ayrim kuzatuvchilarning aytishicha, terror xurujlari qo’shni Pokistonda rejalanmoqda. Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga bosimni oshirish yo’llari ustida o’ylanmoqda, deydi Kugelman.

“Shu bilan birga, AQSh Pokistonni terrorizmga homiylik qiluvchi davlat deb e’lon qilmaydi. Bunday chora samara bermaydi, aksincha, Pokiston NATO kuchlarining Afg’onistonga ta’minot yo’llarini yopib qo’yish bilan javob berishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

16 yil oldin boshlangan urushning hali-beri keti ko’rinmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG