Breaking News

Tolibon: 31-avgustdan keyin Afg'onistonda xorijiy qo'shinlar qolmasin


AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Qoshma Shtatlar amerikaliklar va afg’onlarni Afg’onistondan evakuatsiya qilishni 31-avgustgacha yakunlaydi. Tolibon 31-avgustdan so’ng mamlakatda birorta xorijiy askar qolmasin, deydi.

Xalqaro hayot – 25-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:37 0:00

“Qo’shinlarimiz Afg’onistonda ekan, “Islomiy davlat” [jihodchi] to’dasi aeroport, askarlarimiz, ittifoqchi harbiylar va begunoh fuqarolarni nishonga olish yo’llarini qidirmoqda”, - dedi Bayden.

Tolibon evakuatsiya muddatini uzaytirishdan bosh tortmoqda.

“Amerikaliklarga gapimiz shuki, barcha fuqarolarini belgilangan muddatda olib chiqishsin. Buning uchun barcha imkoniyat, samolyot bor, aeroportni nazorat qillishyapti. Hamma qo’shinlari va pudratchilarini evakuatsiya qilishsin”, - deydi Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid.

Pentagon harbiylar va texnikani olib chiqishga bir necha kun ketishini bildirmoqda, olib chiqilmagan qurollar va texnika yo’q qilinadi. Shu kungacha 70 mingdan ziyod odam evakuatsiya qilindi – AQSh tarixida misli ko’rilmagan amaliyot. Oq uy ma’muriyati missiyani yakunlashga vaqt yetarli ekanini aytmoqda.

“Kollektiv harakatlarimiz tufayli so’nggi 24 soatda 21600 odam Afg’onistonni tark etdi”, - deydi AQSh Armiyasi general-mayori Xenk Teylor.

Ayrim qonunchilar nazarida, afg’on hukumatining o’za tez qulashi tartibsiz evakuatsiyaga sabab bo’ldi.

“Tolibon hokimiyatni qo’lga olishi haqida ko’p ogohlantirishlar bo’ldi. Ba’zilar bu tez bo’lishini bashorat qildi. Biroq hech kim Afg’oniston hukumati va kuchlari o’ta tez qulashini oldindan ko’ra bilmadi va buni tan olish lozim”, - deydi Vakillar palatasining Razvedka qo’mitasi raisi, demokrat Adam Shiff.

Kapitoliydagi respublikachilarning aytishicha, Oq uy rasmiylari afg’on hukumatining yemirilishini bashorat qila olmagani va evakuatsiyani o’z vaqtida rejalamagani uchun lavozimlaridan ketishi kerak.

“Bu Jo Baydenning, Kamala Harrisning va butun boshli ma’muriyatning xatosi. Ularning qo’shinlarni chiqarish rejasi mutlaqo mas’uliyatsiz bo’ldi. Ularda ma’lumot bo’lgan va qilayotgan ishlari inqirozga yetaklashini bilishgan”, - deydi Vakillar palatasining a’zosi Marjori Teylor Grin.

Demokratlar ham, respublikachilar ham Oq uyning evakuatsiya o’z vaqtida yakunlanishi haqidagi da’vosiga shubha bilan qararkan, Prezident Baydendan uni uzaytirishni so’ramoqda. Oq uy evakuatsiya o’z vaqtida tugamasa, ehtiyot rejasi borligini ma’lum qildi.

Tolibon shahardan aeroportgacha bo’lgan yo’llarni to’sib, afg’onlarni o’tkazmayapti, bir necha kun oldin aeroportga borib qolgan minglab odam esa evakuatsiya qilinishdan umidini uzayotgani yo’q.

“Aeroportda bir shisha suvni 40 dollarga, bir likop oshni esa 100 dollarga sotishyapti”, - deydi kobulliklardan biri.

Poytaxtning o’zida ham sharoit og’ir. Oziq-ovqatga narxlar deyarli har kuni o’smoqda, ish yo’q.

“Ishsizlik avjida. Shunga ham ko’plar vatandan ketyapti. Ishlash imkoni bo’lganida yoshlar ketmasdi”, - deydi yana bir kobullik.

Siyosiy inqiroz tufayli Afg’onistonda koronavirusdan emlash sur’ati, test topshirish susaygan. Havo sarhadlarining tirbandligi sabab Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Afg’onistonga 500 tonna tibbiy yuk yubora olmaganini bildirdi. Kasalxonalarda dorilar tugab bormoqda.

“Birinchi navbatda tibbiy muassasalar faoliyatini ushlab turish uchun zarur bo’lgan yuklarni yetkazishga e’tibor berish kerak. Kobul, Qandahor, Qunduzdagi kasalxonalarga yordam berish uchun muhim dorilar va tibbiy uskunalarni jamladik, ammo hozir tashkilotimiz qo’lida Afg’onistonda bir haftalik zaxira qolgan”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti vakili Ahmad Al-Mandar.

Bu o’rtada sanoatlashgan davlatlarning “Katta Yettilik” guruhi rahbarlari video muloqot orqali Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qildi. Tomonlar evakuatsiyaning so’nggi kunini surishga kelisha olmadi.

“Evakuatsiya missiyasi tugaganidan keyingi davrga tayyorgarlik ketyapti hozir. Afg’onistondagi xodimlarimiz va himoyaga muhtoj afg’onlarni 31-avgustdan keyin ham olib chiqish yo’lini topishimiz kerak”, - dedi Germaniya Kansleri Angela Merkel.

Unga ko’ra, muhtojlar ehtiyojlarini qoplash uchun Germaniya 100 million yevro miqdorida gumanitar yordam ajratdi, qo’shimcha yarim milliard yevro ajratiladi. Masalaning moliyaviy tomonidan tashqari logistikasini ham hal qilish kerak, dedi Merkel.

“Afg’onistonda hozir fuqarolik aeroporti yo’q, dori va tibbiy anjomlarni yetkazish o’ta qiyin. Mana shu masalani imkon qadar tez hal qilish kerak”, - dedi u.

Afg’onistondan chiqarilayotgan afg’onlar turli mamlakatlarga yuborilmoqda. Xususan shu kunga qadar 3700 dan ziyodi Italiyaga yetkazildi. COVID-19 ga testdan so’ng ular Italiyadagi harbiy bazalarga joylashtirilib, 10 kun karantinda ushlab turiladi.

Evakuatsiya qilinayotganlarning aksariyati boyroq mamlakatlarga tushishni istaydi, albatta. Bugun 51 odam Afrikaning Uganda mamlakatiga uchirildi. Biroq, deydi AQSh rasmiylari, bu vaqtincha chora, ular keyinroq Amerika va boshqa davlatlarga ko’chiriladi.

O’tgan hafta Uganda hukumati AQShning 2000 afg’onga vaqtincha boshpana berish iltimosini qondirdi.

Janubiy Koreya ham afg’on qochqinlarini qabul qilmoqda. Ularning bir guruhi bugun Pokistonning Islomobod shahriga yetkazilgan. U yerdan Seulga yo’l olishadi. Asosan Janubiy Koreyaning Afg’onistondagi kompaniyalari va loyihalarida ishlagan afg’onlar va oilalari evakuatsiya qilinadi.

AQShga yo’l olayotgan afg’onlar avval Virjiniyaga yetkaziladi. Fort-Lidagi harbiy bazada ular tibbiy ko’rikdan o’tadi, hujjatlari rasmiylashtiriladi, so’ng boshqa shtatlarga yuboriladi.

Bayden ma’muriyati AQSh qancha afg’onni qabul qilishi haqida ma’lumot bermagan.

Afg’onistondan chiqa olmaganlar esa Tolibonning adolatli boshqaruviga umid qilishdan boshqa chorasi yo’qligini aytadi.

"Islomiy Amirlikning eski tuzumida sartaroshlik man qilingan edi, chunki soqol olish yoki tekislash, tatuirovka qilish mumkin bo’lmagan. Mijozlarimiz kamayib ketdi, hamma qo’rqyapti, biz ham qo’rqib ishlayapmiz”, - deydi kobullik sartarosh Muhammad Amin Nuri.

Tolibon malakali afg’onlar mamlakat uchun kerakligini aytib, AQShdan bunday kadrlarni evakuatsiya qilmaslikka chaqirmoqda.

Tolibon rahbarlari hukumat tuzish maqsadida mamlakatdagi ayrim siyosiy kuchlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Masalan, sobiq prezident Hamid Karzay va Milliy yarash kengashining raisi Abdulla Abdulla bilan. Bu ikki arbob bugun Eron elchisi Bahodir Aminian va Qatar maxsus elchisi Mutlaq bin Majid al-Qahtaniy bilan uchrashgan.

Afg’on matbuotiga ko’ra, Tolibon mamlakatni 12 a’zodan iborat kengash orqali boshqarmoqchi. Shulardan yettisining ismlari ma’lum. Tolibonning siyosiy rahbari Mulla Abdul G’ani Birodar, uzoq yillik a’zosi Xalil Haqqoniy, harakat asoschisi Mulla Muhammad Umarning o’g’li Mulla Muhammad Yoqub, sobiq bosh vazir Gulbiddin Hikmatyor, sobiq prezident Hamid Karzay shular jumlasidan.

Tolibon matbuotdagi bu xabarlarni rasman tasdiqlagani yo’q.

Panjsherda esa Tolibonga qarshi harakat kuch to’plamoqda. Panjsher vodiysidagi viloyat Tolibonga bo’ysunmagan yagona hudud bo’lib qolmoqda. Toliblar ularga taslim bo’lishni taklif etgan.
Panjsherliklarga Afg’oniston xavfsizlik kuchlarining ayrim a’zolari, toliblarga qarshi jang qilishga tayyor odamlar ham qo’shilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG