Breaking News

AQSh Tolibonni Doxadagi ofisini qayta ochishga undamoqda


Tolibonning Doxada ochilgan va ko'p o'tmay yana yopilgan idorasi
Tolibonning Doxada ochilgan va ko'p o'tmay yana yopilgan idorasi
AQSh diplomati Jeyms Dobbinsning aytishicha, Tolibon tinchlik muzokaralarini qayta boshlash niyatida emas. Ammo AQSh bu guruhni Doxadagi vakolatxonasini qayta ochishga va muloqotga qo’shilishga undashda davom etadi. Dobbinsning ta’kidlashicha, Vashington va Kobul 2014-yildan keyingi vaziyat bo’yicha mavjud kelishmovchiliklarni tez kunda bartaraf etadi.

Afg’oniston bo’yicha AQSh rasmiysi Jeyms Dobbins Dohada boshlangan tinchlik muzokaralari davom etishiga umid bildirdi. Ammo uning qanchalik muvaffaqiyatli bo’lishi Tolibonning Vashington va Kobul bilan muloqotiga bog’liq, deydi u.

“So’nggi haftalarda ular biz bilan gaplashishdan o’zlarini olib qochyapti. Ammo biz umidimizni uzganimiz yo’q. Muloqot yo’lidagi harakatlarimizni davom ettiramiz”, - deydi Dobbins.

­Afg’onistonda 12 yil avval boshlangan urushga barham berish uchun shu yilning iyun oyida Tolibonga Qatar poytaxti Doxada vakolatxona ochish uchun ruxsat berilgan edi.

Ammo bu Kobulning kuchli noroziligiga sabab bo’ldi. Chunki Tolibon yangi ofisini Afg’oniston islomiy amirligi idorasi deya nomladi. 1996-yildan 2001-yilgacha Tolibon hukmron bo’lgan davrda Afg’oniston rasman ana shunday nom bilan atalgan. Shuningdek, jangari guruh idora peshtog’iga amirlik bayrog’ini osgani ham rasmiy Kobul noroziligiga sabab bo’ldi.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh hukumatini Kobul roziligisiz jangarilar bilan muzokara olib borayotganlikda aybladi. U, shuningdek, AQSh rasmiylari va Tolibon o’rtasida Doxada bo’lib o’tishi belgilangan bevosita uchrashuvlarni qabul qilmasligini ma’lum qildi. Oqibatda Kobul va Vashington o’rtasidagi xavfsizlik muzokaralari to’xtab qoldi.

Shundan so’ng, AQSh iltimosiga ko’ra, Qatar hukumati Tolibon idorasidan amirlik nomi va bayrog’ini olib tashladi. Bundan g’azablangan Tolibon hali ishga tushib ulgurmagan idorasini yopishga qaror qildi.

AQSh rasmiysi Dobbinsning aytishicha, Tolibon idorasining ochilishi jarayonida o’zaro kelishuv qoidalari buzilgan.

“Afsuski, idoraning ochilishida kelishuvimiz shartlari to’liq bajarilmadi. Bu qasddan emas, balki o’zaro tushunmovchilik oqibatida ro’y bergan deb o’ylaymiz. Idora vakolatlari va u o’zini qanday nomlashi bo’yicha anglashilmovchilik bo’lgan. Bularni endi bartaraf etish niyatidamiz”, - deydi AQShning Afg’oniston bo’yicha vakili Jeyms Dobbins.

Elchining ta’kidlashicha, tinchlik muloqotining davom etishida Tolibon hamda Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay tomonidan tayinlangan Oliy tinchlik kengashi a’zolarining hamkorlik qilishi muhim.

Ammo Tolibon uzoq vaqtdan beri Karzay hukumati bilan to’g’ridan to’g’ri muzokara olib borishdan bosh tortadi. Hamid Karzay “Amerikaning qo’g’irchog’i” deb keladi toliblar.

Dobbinsning ta’kidlashicha, AQSh va Afg’oniston xavfsizlik bo’yicha yangi bitimni shu yilning oktabrigacha imzolashi kutilmoqda. Afg’oniston prezidentligi uchun saylov kampaniyasi ham shu oydan boshlanadi.

“O’zaro xavfsizlik kelishuvi biz uchun ham, Afg’oniston uchun ham katta ahamiyatga ega. Saylov kampaniyasi boshlanmay turib uni imzolashga ulgurishimiz kerak. Chunki bu nomzodlar qo’lida saylovni hal qiladigan masalaga aylanib qolmasligi kerak”, - deydi Dobbins.

Afg’onistonda prezidentlik saylovi kelasi yilning aprel oyida bo’lib o’tadi. Mahalliy matbuotga ko’ra, Hamid Karzay AQSh bilan xavfsizlik kelishuvining yangi rahbariyat tomonidan hal etilishiga umid bildirgan. Afg’onlar esa bu masalaning saylov kampaniyasida markaziy o’rin egallashidan xavotirda.

Keyingi yil oxirida xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etishi kutilar ekan, Kobul bilan imzolanadigan bitimda 2014-yildan so’ng AQSh askarlarining bu yerda qolishi, ularning soni va roliga aniqlik kiritiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG