“Reyter” axborot agentligining xabar berishicha, Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani siyosiy raqibi Abdulla Abdulla bilan saylov bilan bog’liq ziddiyatlarni kuchaytirmaslik hamda AQShning Afg’onistonda tinchlikni o’rnatishga qaratilgan harakatlariga pand bermaslik maqsadida ikkinchi prezidentlik muddatiga qasamyod marosimini kechiktirishga qaror qilishi mumkin.
G’ani 28-sentabrda o’tgan saylovda g’alaba qilganini da’vo qilarkan, inauguratsiya marosimini 27-fevral kunga belgilagan edi. Biroq uning saylovdagi raqibi, davlat raisi Abdulla Abdulla mag’lubiyatini tan olishdan bosh tortib, parallel hukumat tuzishga kirishgan. Abdulla ham qasamyod marosimini o’tkazmoqchi.
Tramp ma’muriyati hozircha ikki arbobdan hech birini g’olib deb tan olgani yo’q. AQSh nazarida, G’ani-Abdulla tortishuvi AQSh yetakchiligidagi tinchlik harakatlariga pand bermoqda, ayniqsa Tolibon harakati bilan AQSh qo’shinlarini Afg’onistondan olib chiqishga doir bitimni imzolash kelayotgan shanba kuni kutilayotgan bir paytda.
AQSh-Tolibon kelishuvi ketidan jangarilar hukumat bilan ham muzokara boshlashi kelishilgan, biroq G’ani-Abdulla tortishuvi “jangarilar bilan kim muzokara qiladi” degan savolni javobsiz qoldirmoqda.
Vaziyat bilan tanish ba’zi rasmiylarning “Reyter”ga aytishicha, o’tgan haftadan beri Kobulda yurgan AQSh maxsus vakili Zalmay Xalilzod G’anini inauguratsiyani qoldirishga ko’ndirishga harakat qilmoqda.
Afg’oniston sobiq amaldorlaridan birining fikricha, prezident va rais Tolibon bilan muzokara uchun delegatsiya tarkibiga kelishsa ham, ularning tortishuvi muzokara jarayoniga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Afg’oniston Mustaqil saylov komissiyasining 18-fevral kuni ma’lum qilishicha, G’ani saylovda 50,64 foiz olib g’alaba qozongan; Abdullaga berilgan ovozlar esa 39,52 foizni tashkil etgan.
Biroq Abdulla saylov natijalarini tan olishdan bosh tortib, vazirlar mahkamasiga nomzodlarni tayinlashini bildirdi.
Facebook Forum