Afg’onistoning bir necha bilim yurtlarida o’zbek tili va adabiyoti bo’limlari mavjud. Har yili o’nlab yoshlar ushbu sohani o’qib, bitirib, o’zbek tili mutaxassislari sifatida taqdim etilmoqda. Lekin bitiruvchilar ishsizlik muammosi bilan yuzlashmoqda. Davlat idolarida o’zbek tilini bitirganlar uchun maxsus ish o’rinlari yaratib berilganicha yo’q.
Juzjon universitetining Ijtimoiy bilimlar fakulteti hamda Ta’lim va tarbiya fakultetida o’zbek tili va adabiyoti bo’limlari bor. Ta’lim va tarbiya fakulteti o’zbek tilida o’qituvchilar tayyorlasa, Ijtimoiy bilimlar fakulteti yoshlarni ushbu soha mutaxassis kadrlari sifatida tarbiyalamoqda.
Ijtimoiy bilimlar fakulteti raisi, o’zbek tilshunosi Nurulloh Oltoy o’zbek tili va adabiyoti bitiruvchilarining bitiruv marosimida suhbat qilarkan, yoshlarga yangi mas’uliyatlarni uqtirdi. “Tilni, adabiyotni rivojlantirish sizning vazifangiz”, dedi domla.
“Bugun siz bilim yurtini bitirdingiz, o’zingizni o’qish va o’rganishdan forig’ bo’ldim deb o’ylamangiz, chunki sizning asosiy mas’uliyatingiz bugundan boshlanadi. yelkangizga tilni millatingizga yetkazish kabi buyuk mas’uliyat ortiladi”,- deydi tilshunos.
Janob Oltoy hukumat o’zbek tili va adabiyoti kadrlariga ish o’rinlari yaratib bermaganidan shikoyat qildi. Mahalliy hukumat nega bunga befarq deya so’radi viloyat hokimidan.
“Maorif maktablariga borsangiz, o’zbek tilini o’qimagan va o’zbek tilini tushunmaydiganlarga ushbu tilni o’rgatish vazifasi berilgan. Hozir yetarli kadrlarimiz bor, nega shunga e’tibor berilmayapti, mutaxassislar ishga olinmayapti, bu juda achinarli ahvol. Modomiki shu yurtdan ekanmiz, modomiki qonun haq-huquqimizni tan olgan ekan, nega kattalarimiz bu narsaga tavajjuh qilmaydi?” - deydi Juzjon universitetining Ijtimoiy bilimlar fakulteti rahbari.
Shikoyatlarni tinglagan Juzjon hokimi Luftullah Aziziy ustozlarni hamkorlikka chaqirdi. “Muammoga doimiy yechim topish uchun mexanizmlar ishlab chiqilishi kerak”, dedi hokim.
“Yaqindan gaplashib, qaror qabul qilishimiz kerak. Siz aytib va biz eshitib ketganimiz bilan hech narsa o’zgarmaydi, amalga oshirish kerak. Amalga oshirishga men tayyorman”, - deydi Juzjon hokimi Lutfullah Aziziy.
Bitiruvchilar o’zbek tilini boshqalarga o’rgatish, uni himoya qilish bo’yicha va’da bermoqda.
“Biz bitiruvchilarning yelkamizga nihoyat muhim mas’uliyat yuklanmoqda, shuning uchun harakatlarimiz to’xtovsiz bo’lishi kerak. O’zbek tilining taraqqiyoti uchun doim o’ylashimiz zarur. O’tgan to’rt yil oqimida ustozlarimizning bilim-ko’nikmalaridan foydalangan kishilar sifatida, kelajakda bu til xizmatida bo’lib, uni taraqqiy ettirish, baland cho’qqilar yetishtirishni o’zimizning vazifamiz deb bilamiz”, - deydi Yusuf Salomo’g’li, bitiruvchi.
Bu yili Juzjon bilim yurtining Ijtimoiy bilim fakulteti, o’zbek tili va adabiyoti bo’limini bitirgan yoshlar soni 35 kishini tashkil etadi. 13 nafari qizlar, qolgan 22 tasi yigitlar. Ta’lim va tarbiya fakultetining o’zbek tili va adabiyoti bo’limini bitirganlar soni 29 kishidan iborat bo’lib, ularning 9 tasi qiz.
Afg’onistonning Balx, Juzjon, Bag’lon, Taxor, Sari pul va Faryob viloyatlari oliy tahsil muassasalarida o’zbek tili va adabiyoti bo’limlari faoliyat yuritmoqda.
Facebook Forum