Breaking News

Afg'onistonda o'zbek kitoblariga talab katta, rishtalarni jonlantirish kerak


O’zbekistonlik tarixchi Shuhrat Barlosning Mozori Sharifda arab imlosida chop etilgan kitobi “Afg'onistonda o'zbek milliy g'oyasi va til ta'limi” deb nomlanadi
O’zbekistonlik tarixchi Shuhrat Barlosning Mozori Sharifda arab imlosida chop etilgan kitobi “Afg'onistonda o'zbek milliy g'oyasi va til ta'limi” deb nomlanadi

O‘zbekiston va Afg’oniston o’zbeklari o’rtasida madaniy aloqalar astalik bilan tiklanayotganday. O’zbekistonlik tarixchi olim Shuhrat Barlosning Mozori Sharifda arab imlosida chop etilgan va “Afg'onistonda o'zbek milliy g'oyasi va til ta'limi” deb nomlangan kitobi elatdoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Afg'oniston o'zbeklariga ona tilda kitoblar kerak - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:39 0:00

Afg’onistonda uch milliondan oshiq sanalgan o’zbek ahli uchun o’zbek tilida oxirgi marta qachon biror asar chop etilganini aytish qiyin. Ammo bu kabi tajriba uzoq yillik urush davrida ham, O’zbekiston mustaqilligi davrida ham kuzatilmagan.

Shuhrat Barlosning o’zbekchilik mafkurasi haqidagi kitobi Mozori Sharifda ziyoli va tadbirkor Xayr Muhammad Saljuqiy tashabbusida ikki ming nusxada chiqdi. Asar tezda sotib bo’lingan va hozirda yana ikki ming nusxada chop etishga hozirlik ko’rilmoqda.

Xayr Muhammad Saljuqiy, tadbirkor va ziyoli, tarixchi Shuhrat Barlosning kitobi chop etilishida muhim rol o'ynadi
Xayr Muhammad Saljuqiy, tadbirkor va ziyoli, tarixchi Shuhrat Barlosning kitobi chop etilishida muhim rol o'ynadi

“Talab katta, yoshlarda qiziqish kuchli. O’qishni istashayapti. Hozir hammaning qo’liga yetib boradigan qilib nashr qilishga tayyorlanayapmiz. Kitobni chop qilishimizdan asosiy maqsad - Afg’oniston o’zbeklariga o’zbek madaniyati, o’zbek urf-odatlari, kiyimlari haqida ma’lumot berish. Bu kitob juda yaxshi qabul qilindi. O’zbeklar zich yashaydigan bir nechta viloyatlarga yetkazildi“, - deydi Xayr Muhammad Saljuqiy.

Bu kitob chop etilishiga na o’zbek hukumati, na Afg’oniston hukumati hissa qo’shgan.

“Biz bu ezgu tashabbusga tadbirkorlarimiz, buyuklarimiz ham o’z hissasini qo’shishini juda istardik, homiylar topilsa xursand bo’lardik. Albatta, biz o’zbek hukumati yordamga qo’l cho’zishga qaror qilsa, bundan ham minnatdor bo’lardik, chunki ma’naviy jihatdan ham Afg’oniston va O’zbekiston o’zbeklari o’rtasida hech qanday farq yo’q, deb hisoblayman. Lekin nega hozirgacha o’zbek hukumati mahalliy o’zbeklarga biror madaniy yordam ko’rsatmay kelayotganligining, madaniy aloqalar o’rnatilmay kelayotganing sababini esa o’zbek rasmiylaridan, O’zbekiston davlatidan so’rash kerak endi“, - deydi Xayr Muhammad Saljuqiy.

Muallif Shuhrat Barlos fikricha, jamoatchilik o’z tashabbusi bilan ish qilishi kerak, davlatdan kutib o'tirish kerak emas
Muallif Shuhrat Barlos fikricha, jamoatchilik o’z tashabbusi bilan ish qilishi kerak, davlatdan kutib o'tirish kerak emas

Asar muallifi o’zbekistonlik tarixchi Shuhrat Barlos shaxsiy say-harakatlar samara berganidan mamnun. O’zbekiston hukumati Afg’onistondagi o’zbeklar bilan madaniy aloqa o’rnatmayotganining obyektiv sabablari bor va ularni inobatga olish kerak, deydi olim.

“Afg’oniston o’zbeklari va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar zanjirlab qo’yilgan deyish, bu sizning subyektiv bahoingiz. Afg’onistonda 35 yildan buyun urush, bizda tinchlik. Afg’onistonda narkotik moddalar ishlab chiqarilmoqda. O’zbekiston tomonidan Afg’onistonga yordam ko’rsatilmoqda, bilasiz. Afg’onistonga mahsulotlar bizning hududimiz orqali yetkaziladi. Elektr energiyasi ham, aloqa xizmatlari ko’rsatishda ham O’zbekiston yordam bermoqda. Bu yaxshigina yordam. Bularni inobatga olish kerak. Lekin nima sababdan o’zbeklar bilan aloqa o’rnatilmayotganiga kelsak, buning sababi Afg’oniston tomoniga ham bog’liq. Buning uchun ikki o’rtada madaniy-ma’naviy hamkorlik haqida qandaydir shartomalar imzolanishi, rasmiy tomonlarini ham inobatga olish kerak. Mana Ashraf G’ani prezident bo’ldi, hali O’zbekistonga kelgani yo’q. Bulardan qat‘i nazar, jamoatchilik baribir o’z tashabbusiga ko’ra ish qilishi kerak, bunga davlat biron narsa deyishi shart emas“, - deydi Shuhrat Barlos.

Afg’oniston shimolidagi viloyatalarda yashaydigan o’zbeklar O’zbekistondan tashqaridagi eng yirik guruh. Ammo O’zbekistonda Afg’onistondagi o’zbeklar haqida ma’lumot olish qiyin, chunki madaniy-ma’rifiy munosabatlar juda sust.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG