13-oktabr kuni Afg'onistonning shimoli-sharqida joylashgan Taxor viloyatida bo'lajak parlament saylovlariga bag'ishlangan namoyish paytida mototsiklga o'rnatilgan bomba portlab, kamida 22 odam o'lgan. Viloyat politsiya boshqarmasi matbuot kotibi Xalil Asirning aytishicha, 32 kishi jarohat olgan.
Rustaq tumanida sodir bo'lgan voqeada xavfsizlik xodimlari va oddiy odamlar nobud bo'lgan. Namoyishchilar parlament deputatligiga nomzod Nazifa Yusufiy Bek chiqishini tomosha qilish uchun to'plangan edi, portlash paytida nomzodning o'zi bo'lmagan.
Bu joriy oyda saylov kampaniyasini nishonga olgan uchinchi xuruj. 2-oktabr kuni Nangarhor viloyatidagi hujumda 13 odam o'lgan, 40 dan ziyodi jarohatlangan edi. Shundan bir necha kun o'tib janubdagi Hilmand viloyatida bir odam o'zini portlatib, sakkiz odamni, jumladan deputatlikka nomzod Solih Muhammad Ochiqzoyni halok qilgan.
Parlament saylovlari 20-oktabrga belgilangan. 2565 nomzod 249 ta mandat uchun bellashadi. Nomzodlarning 417 nafari ayollar.
Saylovlar 2015-yilda o'tkazilishi kerak edi, biroq xavfsizlikning qaltisligi va siyosiy tortishuvlar sabab qoldirilgan. Ba'zi kuzatuvchilarga ko'ra, davlat bu yilgi saylovlarga ham tayyor emas, jarayonning yana bir bor qoldirilish ehtlmoli mavjud.
Facebook Forum