Breaking News

Amerika hayotidan: Las-Vegasdagi afg'on oilalar


Qimor poytaxti Las-Vegasdagi afg'onlar hayoti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

Las-Vegasni “gunoh shahri”, qimor poytaxti, deyishadi. O’yin-kulgi, tungi klublari, kazinolar va o’zgacha hayot tarzi bilan tanilgan bu shahar uxlamaydi, doim odamlar bilan gavjum. Ammo Las-Vegasda sokin diniy hayot kechirayotgan musulmon jamoalar ham bor.

Las-Vegas – tungi hayoti bilan tanilgan yirik kurort shahar. Nevada shtatining moliyaviy, tijoriy va madaniy markazi. Har yerda kazinolar, hashamatli binolar va mehmonxonalar. Bu yerda yurish Gollivud filmlaridagi manzarani eslatadi.

“Kazino va klublariga gap yo’q. Hammaga tavsiya qilaman”, - deydi bir sayyoh.

“Hayot qaynaydi bu yerda. Sershovqin, gavjum”, - deydi yana biri.

Las-Vegas markazidan sal nariroqda esa tamoman boshqa bir dunyo. Odamlar turli sohalarda ishlab, normal hayot kechiradi.

Nevadaning bu shahrida bir qancha afg’on oilalar ham bor. “Ariana” do’koni egasi Ahmad Shikibning aytishicha, bu yerda an’anaviy, diniy hayot kechirayotganlar talaygina.

“Afg’on oilalar madaniy merosini saqlab qolgan. Farzandlari ham o’z madaniyati va diniga sodiq”, - deydi Shikib.

Oziq-ovqat do’koniga keladiganlar orasida afg’onlar ko’p.

“Ilgari kerakli narsalarni xarid qilish uchun boshqa shtatga borardik. Hatto Los-Anjeles va Kanadaga ham qatnaganmiz. Endi mana Las-Vegasda ham kerakli mahsulotni topsa bo’ladi”, - deydi Zuhal ismli mijoz.

Shaharning boshqa bir burchagida afg’oncha va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlariga xos kiyim-kechak do’konlari ham bor. Malalay Ko’histoniy o’z dokonini ochganiga qariyb 40 yil bo’ldi. Uning aytishicha, Las-Vegasda yashash muammo emas.

“Bu yerda hayot yaxshi. Las-Vegasni faqat gunoh shahri deb biladiganlar adashadi. Ishonsangiz, so’nggi 10 yildan beri biror kazinoga borganim yo’q”, - deydi Ko'histoniy.

Masud Ansari uch akasi bilan avtomobil sotadigan do’konni yuritadi. Las-Vegasda yashasam-da, dinimni unutganim yo’q, deydi u.

“Yaxshi musulmon bo’lib farovon hayot kechiraman desangiz, marhamat, hammasi o’zingizga bog’liq. Lekin Afg’oniston, albatta, vatanimiz. Bir kun qaytib borish niyatim bor”, - deydi Ansari.

Millionlab sayyohlar Las-Vegasga o’yin-kulgi uchun keladi. Boshqalar esa yaxshi hayot izlab.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG