Afrika qit’asida terrorga qarshi kurash qiyin kechmoqda. “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan mutaxassislar buning ortidagi sabablar va omillar haqida ma’lumot berdi.
Dunyo bo’ylab terror xurujlari susaygan bo’lsa-da, Afrika qit’asining ba’zi joylarida terrorizm balosi mamlakatlarni qaqshatmoqda.
Aprel oyida qurollangan islomiy guruhlar xurujlarida 65 odam o’lgan. AQShning Afrikadagi maxsus kuchlari qo’mondonining aytishicha, bu guruhlar Burkina-Fasoda mahkam o’rnashishga urinmoqda.
“Al-Qoida Afrikaning Sohil mintaqasini infratuzilmasini qurish uchun muhim hudud deb biladi. Bir necha yildan beri davom etayotgan jarayon muammosiz kechmoqda”, - deydi general Markus Xiks.
AQShning Burkina-Fasodagi elchixonasi bu mamlakatga xavfsizlik ehtiyojlari uchun moliyaviy yordamni oshirgan. Biroq AQSh qo’shinlarining G’arbiy Afrikada soni bir mingga tushgan.
General Xiks askarlar sonini yanada kamaytirishni taklif etmoqda.
“Amerika Ovozi” yaqinda Burkina-Fasoda bo’ldi. So’nggi uch yilda bu mamlakatda 230 dan ziyod hujumlar qayd etilgan.
“Amerika Ovozi” muxbirining “AQSh aksilterror urushida g’alaba qilyaptimi” degan savoliga general ayni damda “yo’q” deb javob berdi.
AQSh Afrikada harbiy va diplomatik jabhalarda nimalarga urg’u bermoqda?
“Maqsadlar mavhum. Davlat departamenti qit’aning boshqa mamlakatlarida elchixona xodimlari qisqarganini aytsa, Burkina-Fasoda vaziyat o’zgarmagan. Aksincha, bu mamlakatga xavfsizlik uchun pul uch karra ko’p berildi. Iqtisodiy yordam hajmi ham shunchaga oshdi. Chunki ekstremizmga iqtisodiy taraqqiyotning yoq’ligi sabab bo’layotganini tushunishdi”, - deydi “Amerika Ovozi”ning ushbu mamlakatga safar qilgan muxbiri Karla Babb.
Yana bir muammo Xitoy va Rossiyaning mintaqada iqtisodiy tomondan faollashgani. Bu AQShning aksilterror harakatlariga pand bermoqda, deydi “Amerika Ovozi”ning milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha muxbiri Jeff Seldin.
“Markaziy Afrikada Rossiya hukumatni barqarorlashtirish uchun yollanma jangarilar bilan aloqa qilmoqda. Xitoy esa pulga muhtoj mamlakatlarga moliyaviy yordam bermoqda”, - deydi Seldin.
Yana bir muxbir Vinsent Makorining aytishicha, iqtisodiy qiyinchiliklar terror guruhlariga o’z safiga odam yollashda qo’l kelmoqda.
“Bu mamlakatlarda G’arb bilan hamkorlikda qashshoqlikka qarshi kurashish, ta’lim saviyasini oshirish zarur. Yoshlar uchun imkoniyatlar yaxshilansa, terror tashkilotlariga ularni yollash qiyinlashadi”, - deydi Makori.
Jurnalistning aytishicha, musulmonlarga nisbatan salbiy kayfiyatlar kuchli bo’lgan Afrika mamlakatlaridagi musulmon jamoalar aksilterror tashabbuslarga ko’pincha shubha bilan qaraydi.
Facebook Forum