Breaking News

Markaziy Osiyo SPID keng tarqalib borayotgan mintaqalardan biri


Markaziy Osiyo SPID keng tarqalib borayotgan mintaqalardan biri
Markaziy Osiyo SPID keng tarqalib borayotgan mintaqalardan biri

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko’ra, so’nggi 10 yilda Rossiya, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida narkotik moddalar iste’moli oshib, inson immunitetini yemiruvchi kasallik – SPID keng tarqalgan.

Aniq raqamlarni bilish qiyin, chunki barcha davlatlar ham buni oshkor etmaydi. Xalqaro tashkilotlar esa rasmiy ma’lumotlarni shubha ostiga olib, taxmin bilan cheklanadi xolos.

Denis Braun Birlashgan Millatlar Tashkilotining SPIDga qarshi kurash bo’limida Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi mutaxassis. Uning aytishicha, bu hududda infeksiyaga chalingan bemorlarning atigi 20 foizi davolanish imkoniyatiga ega.

BMT hisobicha, 1999-2009 yillar orasida SPIDga yetaklovchi xavfli virus, VICHni yuqtirganlar soni dunyo bo’ylab 20 foizga kamaygan.

Lekin Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida bemorlar yanada ko’paygani ma’lum.

“Asosiy sabab bu mamlakatlarda narkotik moddalar iste’moli ortgani deb bilamiz, ayniqsa Rossiya va Markaziy Osiyoda geroin qabul qilish keng quloch yozgan”.

“Sharqiy Yevropaga narkotik moddalar, asosan, Afghoniston, Eron va Turkiyadan keladi. Lekin bu yagona yo’li emas. Geroin Markaziy Osiyo orqali Rossiyaga ham keltirilib, u yerdan Yevropa bozorlariga jo’natiladi”.

BMT berayotgan ma’lumotlarda qayd etilishicha, virusga yaqinda chalinganlarning 90 foizi Rossiya va Ukrainada.

Sabab, deydi mutaxassislar, profilaktika yaxshi yo’lga qo’yilmagan. Kasallikka qarshi kurash sust.

Rik Layns bu masalaga nisbatan chora ko’rishni talab qilayotgan xalqaro tashkilot rahbari.

“Rossiya hukumati giyohvandlarga metadon, shprits va igna tarqatish kabi loyihalarni qo’llab quvvatlamaydi. Natijada infeksiyaga allaqachon chalingan odamlar uni narkotik qo’llayotgan, lekin hali SPIDga duchor bo’lmagan odamlar orasida tarqatadi. Oqibatini bilmasdan bir ignadan foydalanayotganlar sanoqsiz”,- deydi Layns.

Rik Layns dunyoning boshqa mamlakatlarida bu dastur samara berayotganini gapiradi. Bu loyiha, deydi u, geroin qabul qilayotganlar sonini aslo oshirmaydi.

“Narkomanlarni toza shprits va igna bilan ta’minlash uni qabul qilayotganlar soniga ta’sir ko’rsatmaydi. Bu kabi yordam qoradori savdosini oshirmaydi. Geroin qabul qilayotgan kimsa SPIDga chalingan bo’lsa, o’zi ishlatgan shprisni sherigiga ham berib, uni ham bedavo dardga mubtalo qiladi. Agar toza shprits va ignalar topish muammo bo’lmasa, bu asta sekinlik bilan SPID kabi yuqumli kasalliklarni kamayishiga olib keladi”,- deydi Layns.

Dunyoda bugun 30 milliondan ortiq odam immunitet taqchilligi virusi bilan yashaydi. Rossiyada bu ko’rsatkich aholining bir foizi, 1,4 million odamni tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG