AQShning Transport xavfsizligi agentligi Yaqin Sharqdagi 10 aeroportdan kelayotgan samolyotlarga elektronik jihozlarni olib chiqish bo'yicha cheklov qo'yilganini ma'lum qildi.
Yangi tartibga ko'ra, 21-martdan boshlab yo'lovchilar Iordaniya, Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Marokashda joylashgan 10 xalqaro aeroportdan AQShga uchganda, o'zlari bilan samolyot kabinasiga telefondan kattaroq bo'lgan elektronik jihozlarni olib chiqishi mumkin emas. Lekin ularni yuk bagajida keltirish mumkin.
Ushbu aeroportlar orqali uchuvchi havo kampaniyalari yangi o'zgarishlardan ogoh etilgan. Kuchaytirilgan bu xavfsizlik chorasi qachon tugashi aniq aytilmagan. Demak, bekor qilinmaguncha u amalda bo'ladi.
Britaniya ham AQShga ergashib, Yaqin Sharqning olti mamlakatidan kelayotgan samolyotlarga xuddi shunday cheklovni tatbiq etdi. Hukumat e'lon qilgan tartibga ko'ra, uzunligi 16, eni 9,3 va qalinligi 1,5 santimetrdan katta bo'lgan elektron aslahalarni qo'l sumkasida samolyotga olib chiqish mumkin emas. Bunday taqiq Turkiya, Livan, Iordaniya, Misr, Tunis va Saudiya Arabistonidan keladigan yo'lovchilarga joriy etilgan.
Rasmiylarga ko'ra, yangi choralar aniq bir tahdidga qarshi emas, balki umumiy xavfsizlik doirasida amalga oshirilmoqda.