AQShda 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so’ng xavfsizlikka katta urg’u berildi. Xususan aeroportlar xavfsizligini ta’minlashga yordam beradigan texnologiyalar yaratildi.
20 yil oldingi voqealar hanuz Tomas Karterning ko’z oldidan ketmaydi.
“Hammasi ko’z oldimda sodir bo’ldi. Hech narsa bundan keyin oldingidek bo’lmasligini angladim”, - deydi u.
Karter hozir AQSh Transport xavfsizligi boshqarmasida federal xavfsizlik direktori lavozimida ishlaydi. Uning aytishicha, so’nggi yillarda mamlakatdagi aeroportlar xavfsizligini ta’minlashda texnologiyalarga ko’p murojaat qilinmoqda.
“Texnologiyalar terrorga qarshi kurashning muhim qismidir, muhim vositalarimizdan biri”, - deydi rasmiy.
Aeroportning tekshiruv punktlaridan o’tadigan yo’lovchilar ko’p hollarda bunday texnologiyalarga e’tibor bermaydi – sumka ichidagi shubhali narsalarni maxsus algoritmlar yordamida aniqlab beradigan skannerlar, suyuqlik tarkibida portlovchi moddalarni tekshiruvchi yorug’lik to’lqinlari shular jumlasidan. Yo’lovchining yuzini skan qilib, shaxsini tasdiqlovchi biometrik texnologiya ham yaqinda aeroportlarda joriy etiladi.
Tekshiruv paytida ko’p ishlatiladigan ilg’or tasvir texnologiyasiyo’lovchi tanasining konturlarini millimetr to’lqinli texnologiya, ya’ni kiyim orqali o’tuvchi radio to’lqinlar yordamida skan qilib, portlovchi modda yoki bomba yasashda qo’l keladigan jihozlar bor-yo’qligini tekshiradi.
“Suiqasd bombachi bo’lsangiz, jihozni yashirishingiz kerak bo’ladi. Bu mashina uni topishda yordam beradi”, - deydi Tomas Karter.
Aeroport xavfsizligini ta’minlovchi eng so’nggi texnologiya tibbiyot sohasidan olingan. Kompyuter tomografiyasi apparati magnit rezonansli tomografiya yoki MRT mashinasi kabi ishlaydi – xavfsizlik xodimlariga 360 darajaga buriladigan uch o’lchamli (3D) tasvir beradi.
“Bu xodimlarimizga o’ta yuqori aniqlikdagi, yuqori sifatli tasvir tushirish imkonini beradi”, - deydi Karter.
"Bu oxirgi 10 yil yoki undan ko’proq vaqt mobaynida biz ishlatgan texnologiyadan ilg’orroqdir”, - deydi aviatsiya xavfsizligi bo’yicha ekspert Jeffri Prays.
Karter kelajakka nazar tashlar ekan, bir kun kelib yo’lovchilar tekshiruv punktlarida o’zini o’zi skan qilish imkoniga ega bo’ladi, deydi.
“Yuzni tanish, ko’zning to’r pardasini skan qilish yoki barmoq izlarini qoldirish orqali”, - deydi Karter.
Unga ko’ra, 11-sentabr voqealarining 20 yilligi xotira va mulohaza kuni, maqsadlarni yangilash davri bo’ladi.
Qulagan egizak binolar o’rnida Nyu-York shahrida hozir boshqa bir osmono’par bino - “Ozodlik minorasi” qad ko’tarib turibdi.
“Yangi bino davlatimizning kuchini aks etadi va bizning vazifamiz uni qo’riqlash”, - deydi Tomas Karter.
Ilgo’r texnologiya va yo’lovchilarning qo’shimcha sabr-toqati yordamida parvozlar xavfsizligini ta’minlashda hamma o’z hissasini qo’shishi mumkin.
Facebook Forum