Suriyada al-Qoidaga sodiq al-Nusra guruhi haqida hikoya qiluvchi hujjatli film qahramonlaridan biri - o‘zbek bolasi. Abu Anas deb tanishtirishadi uni.
“Arab bo‘lmasa ham”,- deydi muallimi, “u yaxshi o‘quvchi”.
Bola ancha qiynalyapti, biroq tirishqoq, deya qo'shadi ustozi.
Abu Anas arab tilida gapiradi. Otasi “shahid” bo'lganini aytarkan, qayerda o‘lganini yashiradi.
O‘zbekistonni sog‘inasanmi, deb so‘rashganida, javobi: yo‘q.
Yurtingda o‘rtoqlaring bormidi, ularni sog‘inmaysanmi, deb so‘rashganida, bor edi, lekin ular “bizni tushunmaydi”, deb javob qiladi u.
Go‘dakning fikricha, O‘zbekistonda jihod nima ekanini bilishmaydi va unga qarshilar.
Qarindoshlaringni sog‘inasanmi, deb so‘rashganida esa qisqagina “ha” deydi. Bolaning haqiqiy ismi haqida ma'lumot berilmagan.
Xalqaro multimedia axborot manbai bo'lmish VICE News Suriyada amaldagi tuzum va "Islomiy davlat" terror tizimiga qarshi kurashayotgan Al-Nusra guruhi a'zolari bilan bir oy vaqt o'tkazgan.
VICE Newsning yoritishicha, bolalar maktabdan tashqari sport bilan shug'ullanadi; vayron bo'lgan hayvonat bog'lariga olib boriladi, ularga hovuzlarda cho'milish uchun ham vaqt beriladi.
Bu bolalarning orzulari, ularning aytishicha, o'zlarini "Olloh yo'lida" qurbon qilish. Ular yahudiylar, Amerika va ular nazarida islomga qarshi har bir tomonni dushman deb biladi. Katta bo'lishganida bu g'animlarga qarshi kurashish ularning hayotiy maqsadi.