Shu kunlarda sharq she'riyatining yorqin namoyandasi Alisher Navoiyning 575 yilligi nishonlanmoqda. Buyuk shoir va mutafakkirga bag’ishlangan adabiy-badiiy kecha O’sh shahrida bo’lib o’tdi.
Yangi avlod hazrat Navoiyning hayoti va ijodi bilan naqadar tanish? Ushbu siymo bugungi yoshlar ongi, tafakkurida qanday o’rin egallaydi?
Hazrat Alisher Navoiy xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar hamda “Navoiy gulshani” deb atalmish she’riyat kechasi ishtirokchilarining yarmidan ko’pi yoshlar ekani ko’zga tashlanadi.
Ammo shoir ijodidan biron namuna keltirish, bir-ikki misrani yoddan aytib berishni iltimos qilganimda, 2-3 suhbatdoshgina hozirjavob bo’ldi. Ehtimol, kimdir tortinchoqlik qilgandir, kimdir dabdurustdan eslay olmagandir…
Zulfuya ismli o’quvchi qiz esa Navoiy g’azallarini dona-dona yoddan aytar ekan, bu satrlar uni hayotga, o’zni tutishga o’rgatayotganini ta’kidlaydi.
O’sh shahar meriyasining ijtimoiy rivojlanish bo’limi bosh mutaxassisi Qurmanbay Tashibayev yoshlarga ko’proq mutolaa qilishni tavsiya etadi.
Idris Aytboyev - yosh qirg’iz oqini. Uning fikricha, yoshlarda adabiyotga, jumladan, Navoiy she’riyatiga diqqat-e’tibor, qiziqish uyg’otish uchun kattalar o’sha adabiyotni yaxshi bilishi hamda targ’ib qilishi lozim.
O’sh davlat universitetining O’zbek filologiyasi kafedresi xodimi, adabiyotshunos olim Mahsumxonovning aytishicha, mahalliy o’zbek maktablari o’quvchilari Navoiy ijodini darslarda yaxshigina o’rganadi.
"Ayni paytda hozirda ko’plab o’zbek xonadonlari farzandlarni rusiyzabon maktablarga berayotgan ekan, bolalar ona adabiyotdan uzoqlashib qolishi mumkin. Uy sharoitida tegishli muhit yaratish mumkin, albatta. Lekin bunday xonadonlar ko’p emas", - deydi olim.
O’shdagi tadbir davomida biz Alisher, Guli, Farhod, Shirin ismli xushsurat va xushtabiat yigit-qizlarni uchratdik. Sir emaski, turkiy xalqlar orasida aynan hazrat Navoiy hurmatiga farzandlarni ushbu ismlar bilan atash rasm bo’lgan.
Mayli, zamona zayli bilan bugungi yoshlarning hammasi ham she'riyat mulki sultoni ijodi bilan uncha tanish bo’lmasin. Lekin el ichida Farxodu-Shirinlar, Alisherlar bor ekan, ulg’ayayotgan ekan, shoirning dono satrlari hayotimizga singib ketgan, qo’shiqlari inson qalbini suv qilib oqizayotgan ekan, Navoiy barhayot deyilsa, haq gap emasmi?