Breaking News

Amerika futboli, Baltimor komandasi bilan tanishuv


Amerika futboli, Baltimor komandasi bilan tanishuv
Amerika futboli, Baltimor komandasi bilan tanishuv

Amerika futboli ommaboplikda beysboldan o’zib ketdi. Hammaga birday yoqadigan bu sport odatda erkaklar saltanati. Lekin oxirgi paytlarda maydonda ayollarni ham ko’rasiz. Qoidalar, talablar o’sha-o’sha.

Amerika futboli ikki guruh orasidagi o'yin bo'lib, har bir komandada 11 kishi bor. Nishon - raqib tomon uchun ajratilgan maydonning chegarasi. To'pni o'sha yerga yetkazish kerak. Uni qo'lda ko'tarib olib borish yoki boshqa o'yinchiga otish mumkin.

Bu o'yinni gridiron deb ham atashadi. Bu sport turi maktab, universitet va kollej hamda professional darajada o'ynaladi. Amerika Futbol Ligasi eng yirik sahna hisoblanadi.

“Amerika Ovozi” “Baltimor Naytxoks” (Baltimore Nighthawks) jamoasi bilan tanishdi.

Amerika futboli haqida o’ylasa, to’p ko’targan erkak hammadan qochayotgani odamning ko’z oldiga keladi.

Bir-birini turtib, ayovsiz urgan baquvvat, baland, zalvarli kishilar.

Lekin “Baltimor Naytxoks” jamoasi sardori Tarsha Feyn doim ham unaqamas, deydi.

“Ayol kishi erkakdan hech qolishmaydi. Yigitlar qanaqa bellashsa, xotin-qizlar ham bo’sh kelmaydi”,- deydi u.

Amerika futboli, Baltimor komandasi bilan tanishuv
Amerika futboli, Baltimor komandasi bilan tanishuv

Feyn va jamoa egasi Tanya Brayan o’tgan yili ayollar orasida o’tkazilgan ilk Jahon Chempionatida ishtirok etgan. Amerika komandasi o’shanda g’olib bo’ldi. Feyn unda o’yinchi, Brayan esa jamoa menejeri edi.

“Birinchi musobaqadayoq birinchilikni qo’lga kiritish, bahsda qatnashish zo’r ekan. Hech kim bunaqasini his qilib ko’rmagan. Rosa o’zimimizdan xursandman”.

Qo’shma Shtatlarda ayollar uchun 10 dan ziyod professional liga tuzilgan.

G’uncha Mussanin 28 yildan beri futbol o’ynaydi. U sportning bu turini terapiya deb biladi, o’ynab dam oladi.

“Kyimlarimni kiyib, oyog’imga krossovkani ildirib, maydonga chiqaman-da, boshqa odamga aylanagan. Aniq sezaman bu o’zgarishni”,- deydi u.

Mussanin asli eronlik, bolalik yillarida Amerikaga ko’chib kelgan. Birinchi marta to’pni qo’lga olganini eslaydi. O’zining mahallasida edi.

“Amakimning o’g’li telefon qilib, yur ko’chaga chiq, futbol uchun bitta odam yetishmayapti degan edi. Nimani nazarda tutganini bilmasdim. Oldin o’ynab ko’rmaganman-da! Maydonda yugirib, darrov futbolga oshiq bo’lib qoldim”.

Komandadagi boshqa o’yinchilar ham futbol bilan bolaligidan oshna. Ba’zilar shunchaki do’stlari bilan bellashgan, ayrimlar esa haqiqiy jamoalarda ishlagan.

Amerika futboli, Baltimor komandasi bilan tanishuv
Amerika futboli, Baltimor komandasi bilan tanishuv

Lekin “Baltimor Naytxoks” sohibasi Tanya Brayan uchun bu butunlay yangi dunyo edi.

“Qiziq, futbolda faqat erkaklar emas, ayollar ham bo’lishini bilmagan ekanman. O’rtog’im telefon qilib, Baltimorda bir komanda borligini, uni sotib olishni taklif qildi. Zo’rku, deb o’yladim-da, rozi bo’ldim. Oradan to’rt yil o’tib, ko’rib turibsiz”.

Brayan xarid qiliboq, jamoadan darrov pul qilaman deb xayoliga ham keltirmadi. To’rt yildan keyin xarajatini qoplay oldi. Biroq uning uchun ayollarga sport olamida imkoniyat yaratish muhimroq edi.

“Ko’pincha, qizlarga bolalikdanoq agressiv, shartaki bo’lmaslik quloqqa quyib boriladi. Sport zaliga borib, yaxshilab shug’ullanish, musobaqada qatnashish butun g’uborni yozib yuboradi. Baland-baland gapirib, urushish mumkin. Odamning sog’lig’i uchun ham foydali bu. Jamoada o’rtoq topishga-ku nima yetsin!”

O’yinchilar muntazam mashqda. Ishli, oilali ayollar uchun vaqt ajratish, oilasidan uzoqda bo’lish oson emas. Lekin sport bilan shug’ullanish odamni chiniqtiradi, sog’aytiradi.

Baltimor Naytxoks uchun chempionlik – sara sovrin. Lekin futbol maydonida bellashish, uzoq yillar faqat erkaklarniki bo’lgan bu sportni ipdek eshishning lazzati bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG