Breaking News

AQSh dollari qayerdan chiqadi?


Amerika dollari - dunyoda eng muhim pul birligi. Shuning uchun uning tashqi ko’rinishi va mukammalligiga e'tibor katta. Bu vazifa 152 yildan beri Amerika banknotasini bosib chiqarayotgan davlat agentligi zimmasida.

AQShning Naqsh va bosma byurosi Texas shtati va poytaxt Vashingtondagi bosmaxonalarida har kuni millionlab Amerika qog’oz pullarini chiqaradi.

Dunyoda boshqa hech bir pul birligi bu qadar ko’p bosilmaydi.

Byuro 1862-yilda Amerika Fuqarolar urushi paytida prezident Avraam Linkoln buyrug’iga ko’ra tuzilgan.

Tashkilot rahbari Larri Feliksning aytishicha, Amerika banknotasini boshdan oxirigacha yaratish juda ham mukammal jarayon.

“Bir qarashda oddiy qog’ozga siyoh yuritilgandek. To’g’ri, siyoh ham bor. Ammo bu pulni tayyorlashda juda ko’p usul qo’llanadi”,- deydi Feliks.

Birinchi bosqichda pulga fon rangi beriladi. So’ng qog’oz siyohli, naqshli qolipga solinib, unga o’ziga xos ko’rinish beriladi.

“Qo’shma Shtatlarda boshqa mamlakatlarga qaraganda pulga ko’p naqsh bosiladi, oldiga ham, orqasiga ham”,- deydi Feliks.

Shundan so’ng pulga seriya raqamlari va belgilar qo’shiladi.

Banknotadagi xilma xil himoya belgilari odamlarga haqiqiy pulni qalbakisidan farqlashda yordam beradi.

Qog’oz pulni soxtalashtirishda qo’l keluvchi usullar, raqamli texnologiya imkoniyatlarini hisobga olgan holda ana shu belgilarni yaratganmiz”.

“AQSh pul birligi juda ko’p sabablarga ko’ra noyobdir”,- deydi Rozi Rios, AQSh Moliya vazirligida xazinachi.

U qog’oz pul tayyorlovchi Naqsh va bosma byurosi hamda tanga pul chiqaruvchi AQSh Zarbxonasini nazorat qiladi.

Dunyo bo’ylab soxta dollarlar uncha ko’p bo’lmasa-da, Rozi Riosning aytishicha, texnologiyalar taraqqiyoti va zukko soxtakorlardan bir pog’ona tepada yurishni afzal ko’ruvchi hukumat Amerika pul birligidagi himoya belgilarini mukammalashtirishda davom etmoqda.

Yaqinda muomalaga kirgan yangi 100 dollarlik banknota bunga bir misol.

“Oktabrda chiqarilgan bu pulga yaxshilab e’tibor bersangiz, moviy rangli uch o’lchovli himoya chizig’ini ko’rasiz”,- deydi Rios.

Bu chiziqni ko’rgan xaridor pulning haqiqiyligiga ishonch hosil qiladi. Uni soxtalashtirish o’ta mushkul, deydi rasmiy.

“Amerika dollariga butun dunyoda ishonch katta. Odamlar uni yaxshi taniydi. Maqsadimiz ishonchli, puxta himoyalangan, bemalol muomala qilinadigan pul yaratish”,- deydi Rios.

Elektron to’lov vositasi ommaviylashib borar ekan, ayrimlar naqd pul kamayib ketishi mumkinligidan tashvishlanmoqda. Biroq, deydi Rios, xavotirga o’rin yo’q.

“So’nggi bir necha yilda elektron operatsiyalar miqdorining keskin ko’payganiga qaramay, qog’oz pul ham ko’proq bosilmoqda. Har yili AQShda yetti milliard dona banknota chiqariladi”,- deydi xazinachi.

Shundan 60 foizi, deydi rasmiy, xorijda ishlatiladi va bu valyuta hali ko’p yil xizmat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG