Breaking News

Tadqiqot: AQShning barcha hududlarida tibbiy xizmat bir xil emas


Yangi yildan AQSh Kongressi sog'liqni saqlash tizimi islohotini qayta ko'rib chiqadi. Barak Obama prezidentligi davrida qabul qilingan qonun o'z kuchida qoladimi yoki bekor qilinadimi? Mutaxassislar odamlar salomatligiga doir ma'lumotlarga e'tibor qaratmoqda.

Tadqiqotchilarning aytishicha, yaxshiroq tibbiy xizmatga qurbi yetadiganlar bunday imkoniyatga ega bo'lmagan odamlarga qaraganda sog'lomroq bo'ladi. Ko'p dori ichishdan, diabet yoki boshqa surunkali kasalliklardan vafot etayotganlar soni ham turli hududlarda turlicha.

Doktor Kristofer Myurey 1980-yildan 2014-yilgacha AQShning 3000 dan ortiq okrugida berilgan o'lim guvohnomalari bilan tanishib chiqdi.

"Mamlakatning turli qismlarida o'lim sabablari turlicha ekanini ko'rdik. Masalan, AQSh g'arbida zo'ravonlik qurbonlari ko'proq. Janubi-sharqda esa yurak kasalliklari keng tarqalgan. G'arbiy Virjiniya yoki Kentukida dorilardan halok bo'ladiganlar soni salmoqli", - deydi tadqiqotchi.

Mamlakat bo'ylab yurak bilan bog'liq kasalliklar o'limning asosiy sababi ekani aniq. Ammo sabablar bo'yicha shtatlar orasida tafovut katta.

"Odamlar qancha yashashi, bolalar, kattalar va boshqalardagi o'lim sabablari orasida nega farq buncha katta ekanini tushunishimiz kerak", - deydi Myurrey.

Har bir shtatda har bir tuman o'z hukumatiga ega. Ular orasida ham tibbiy xizmatda tafovutlar bor. Shuningdek, umr ko'rish yoshidagi farq ham kengayib bormoqda.

"Nega turli jamiyatlarda odamlar turli xil umr ko'rishini tushunish biz uchun o'ta muhim. AQSh bo'ylab bu boradagi farq juda katta. Ayrim joylarda uzoq umr ko'rish o'rtasidagi farq 20 yildan ortiq. Biz buni o'rganishimiz kerak", - deydi tadqiqotchi.

Myurrey va boshqa tadqiqotchilarning aytishicha, bu ilmiy izlanish ayrim hududlarda o'lim holatlarini kamaytirishga hamda sog'liqni saqlash tizimini yaxshilashga hissa qo'shadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG