Breaking News

Xalqaro tashkilot Markaziy Osiyodagi qiynoq holatlariga yana e'tibor qaratdi


“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Markaziy Osiyo qamoqxonalarida qiynoq usullarining keng qo’llanishi haqida yangi hisobot chiqardi. Unda yozilishicha, mintaqaning barcha davlatlarida, xususan, O’zbekistonda bu borada ahvol yaxshilangani yo’q.

Rossiya, Ukraina va Markaziy Osiyo davlatlarida xavfsizlik xizmatlari tomonidan odam o’g’irlash, ularni qiynoqqa tutish va noqonuniy ushlab turish holatlari keng tus olgan, deyiladi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining bugun e’lon qilingan hisobotida.

Unda qidiruvda bo’lgan fuqarolarni Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi doirasida ushlash usullari va noqonuniy yo’llar bilan o’z vataniga qaytarish tez-tez uchrab turishi tilga olinadi. Mintaqadagi davlatlar bir-birlaridan tushgan ekstraditsiya talablarini, odatda, muammosiz qondiradi va terrorizmga qarshi kurash yo’lida olib borayotgan hamkorliklari fuqarolar haq-huquqlarining poymol etilishiga olib kelmoqda, deb yozadi hisobot mualliflari.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’limi rahbari Jon Dalxuysen buni shunday tushuntiradi:

“Sovet Ittifoqi qulaganidan 20 yil o’tib ham eski aloqalar va boshqaruv madaniyati o’zgargani yo’q. Shuningdek, terrorizm xavfiga qarshi mavjud hamkorlik sovet KGBsining bugungi merosxo’rlarini birlashtirgan”, - deydi tadqiqotchi.

Dalxuysenga ko’ra, hatto Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudining qarshiligiga qaramay, bir necha fuqaro Rossiyadan Markaziy Osiyoga ekstraditsiya qilingan.

“Hukumatlar bunday iddaolarni inkor etadi. Lekin bir davlat qamoqxonasidan ozod etilgan odamning g’oyib bo’lib, ko’p o’tmay ikkinchi bir davlat hibsxonasidan topilishi qiziq emasmi? Davlatlar o’rtasida yaqin hamkorlik bo’lmasdan turib buni amalga oshirish imkonsiz”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti vakili.

Uning aytishicha, qo’shni davlat xavfsizlik kuchlarining ikkinchi bir mamlakatda o’tkazilayotgan tergovda qatnashishi, hatto qiynoq qo’llash jarayonida ishtirok etishi ham tasodif emas.

Markaziy Osiyoning har bir davlatida qiynoq keng miqyosda qo’llanadigan tergov usuli. Odatda, fuqarolik jamiyati faollari, inson huquqlari himoyachilari hamda diniy tashkilotlarga a’zolikda ayblangan mahbuslar shunday munosabatga ko’p duchor bo’ladi. Ayniqsa, diniy e’tiqodi bois hibsga olinganlarga rejimning ashaddiy dushmanlari sifatida eng shafqatsiz muomala qilinishi aytiladi.

Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudi oxirgi to’rt yil ichida ayrim fuqarolarning O’zbekistonga ekstraditsiya qilinishini taqiqlash haqida kamida 20 marta qaror chiqargan. Shunga qaramay, xorijdagi fuqarolarning O’zbekistonga majburan qaytarilish hollari ko’p uchraydi.

Bu holat, ayniqsa, 2005-yilda ro’y bergan Andijon voqealaridan so’ng kuchaygan.

“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, majburan vataniga qaytarilgan fuqarolar, odatda, qiynoqqa tutiladi va shu yo’l bilan ularga majburiy ayblov qo’yiladi.

Tashkilot yangi hisoboti orqali mintaqa davlatlarini yana bir bor fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilishga chaqiradi. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyatdan ushbu davlatlarga bosimni oshirishni va o’zaro alqoalarda inson huquqlari mavzusiga alohida e’tibor qaratishni so’raydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG