Xalqaro tashkilotlarning hisobotiga ko’ra, O’zbekiston so’z va yig’ilish erkinligi cheklangan mamlakatdir. Londonda asoslangan “Xalqaro Amnistiya” 100 dan oshiq davlatda inson huquqlariga oid vaziyatni tahlil qilib, arab dunyosidagi o’zgarishlarga alohida ahamiyat qaratmoqda. Qo’zg’olon va inqiloblar, deyiladi uning yillik hisobotida, zo’ravon tuzumlarga qarshilik kuchayganidan darakdir.
Repressiv hukumatlardan to’ygan xalqlar bosh ko’tardi. Biroq Suriya va Bahrayn singari jamiyatlarda namoyishlar qonli bostirilar ekan, xalqaro hamjamiyat inson huquqlarini himoyalashga ojizlik qilmoqda. Yaqqol misol, deya keltiradi “Xalqaro Amnistiya”, Suriyada noroziliklar qurolli to’qnashuvga aylanar ekan, BMT Xavfsizlik Kengashi biror chora ko’ra olmadi.
Yillik hisobotni Berlindan turib taqdim etarkan, tashkilotning Germaniyadagi rahbari Volfgang Grenz G’arbni avtoritar davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirganlikda tanqid qildi.
Erk va ozodlik istayotgan insonlar geosiyosiy manfaatlar yo’lida qurbon qilinmasligi kerak, deydi u.
Grenzning aytishicha, Germaniya va boshqa davlatlar yaqingacha ham namoyishchilarni nishonga olayotgan arab hukumatlariga qurol-aslaha sotishni to’xtatmagan.“Xalqaro Amnistiya” nazarida O’zbekiston rahbariyati dunyodagi eng zolimlaridan.
2011-yilda respublikada bir necha faol, huquq himoyachilari, qamoqdan ozod etildi. Lekin bu bilan umumiy vaziyat o’zgarmagan. Qiynoqlar doimiy hol. Hukumat qanchalik rad etmasin, minglab insonlar O’zbekistonda aynan rejimni tanqid qilgani, uni savolga tutgani, odamlarni tanqidiy fikrlashga undagani uchun o’tiribdi. Shu bois xalqaro tashkilotlar ularni siyosiy mahbuslar deb ataydi.
So’nngi oylarda jurnalistlar va huquq himoyachilari ustidan tazyiqlar yanada oshdi.
Qorayeva deydiki, hukumat nafaqat norozilik, balki har qanday tanqidga nisbatan ayovsiz chora ko’rishga shay ekanini ko’rsatmoqda.
“Haqiqatdan ham shikoyat ko’p. Bular ham ko’rib o’tiribdi, men dushman emasman. Men xalqning bir vakiliman. Faqat bo’layotgan narsalarga ko’zimni yumub qarab turolmayman. Men biror namoyish o’tkazayotgan bo’lmasam, odamlarni olib chiqmayotgan bo’lsam. Men faqat tanqid qilganim va xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikni rad etganim uchun jazolanayapman”, - deydi Gulshan Qorayeva.Bundan avval mustaqil jurnalistlar Viktor Krimzalov va Yelena Bondar ustidan sud jarayoni otgan, jurnalistlar turli miqdordagi jarima bilan jazolangan edi.
Gulshan Qorayevaga ko’ra, tazyilqlar sababi oddiy, mamlakatda huquq faollari va mustaqil jurnalistlarga qarshi kampaniya davom etmoqda.
“Kampaniya ketayapti, ya’ni ular hech kimni qoldirmoqchi emas shekilli. Men ko’proq internet orqali chiqarayotgan xabarlarim va MXX bilan hamkorlikni rad etganim uchun jazolanayapman. Chunki menga xavfsizligingni ta’minlaymiz deyishgan edi, lekin menga xavf faqat rejimdan bo’lishi mumkin. Bu kampaniya, menimcha, hech kimni qoldirmay, ularning o’zlarini bilganlaricha yashashlarini nazarda tutadi. Mana Yelena Urlayeva bilan nima bo’ldi, Abdulla Tojiboy o’g’li bilan nimalar qilishdi. Toshkentda boshlangan tazyiqlar tezda bizga ham yetib keldi”, - deydi Qorayeva.