Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi "Xalqaro Amnistiya" tashkiloti Xitoy hukumatidan g'arbdagi Shinjon viloyatida hibsga olingan bir million mahalliy musulmonlar taqdiri bo'yicha hisobot berishni talab qilmoqda.
Tashkilot 24-sentabr kuni chop etilgan hisobotida Xitoy hukumatining mintaqada yashovchi uyg'urlar, qozoqlar va islom dinidagi boshqa elat vakillarini ommaviy ravishda hibsga olayotganini, ularni qattiq nazorat qilayotganini, davlat mafkurasi va xitoy madaniyatini majburan singdirayotganini ma'lum qildi.
Londonda asoslangan guruhga ko'ra, Pekin bu kampaniyani 2017-yil aprelida boshlagan, uyg'urlarni diniy mutaassiblikda va ekstremistik kayfiyatda ayblab, qayta tarbiyalash lagerlariga jo'natgan.
"Xalqaro Amnistiya"ga ko'ra, musulmonlarning o'z dini va e'tiqodini hijob kiyish, ro'mol taqish, soqol qo'yish, namoz o'qish, diniy yoki uyg'ur madaniyatiga doir adabiyotni mutolaa qilish orqali ifoda etishi ham hukumat tomonidan ekstremistik qadam deb ko'riladi.
"Xitoy hukumatiga etnik ozchilikdagi guruhlarga qarshi bu kabi vahshiy kampaniyani qo'llashga imkon bermaslik kerak", - deydi tashkilotning Sharqiy Osiyo bo'limi rahbari Nikolas Bekvelin.
Unga ko'ra, bunday siyosat natijasida yuz minglab oilalar parokanda bo'ldi, hibsdagi, lagerlardagi oila a'zolarining taqdiridan bexabar qolishmoqda. Xitoy hukumati masalaga oydinlik kiritishi zarur, deydi mutaxassis.
Pekin nazarida, islomiy jangarilar Shinjonga tahdid solmoqda, uyg'urlar va xitoylar o'rtasida nizo keltirib chiqarishni, terror xurujlarini rejalamoqda.
Facebook Forum