O’shning Sulaymon Tog’i atrofidagi aziz joylar, O’zgandagi qadimiy yodgorliklar, Arslanbob qadamjolari, Novqatning Sahobasiyu, Olabuqaning Safed-Buloni va Aravonning Duldul Otasidan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi.
Rivoyatlarga ko’ra, ushbu maskanlarda Payg’ambarlar, aziz-avliyolarning izi qolgan. Ayrim hollarda bunday go’shalar tabiyat mu’jizalari bilan bog’lanadi.
Ko’pchilik tabiyat mo’jizalaridan hayratlanib zavq oladi. Odamlar qo’llarini duoga ochib, Yaratganga shukronalar keltiradi, tinchlik-omonlik tilaydi. Kimdir farzand so’raydi, kimdir omad…
Mahalliy mutaxassislarga ko’ra, tarihiy obidalar va ziyoratgohlarni ta’mirlash uchun yirik mablag’ darkor. Ko’p hollarda qadamjolar mahalliy aholi vakillari hamda halqaro tashkilotlar ko’magida obodonlashtirilmoqda.
Aytaylik, O’sh yaqinidagi Aravon qishlog’ida Duldul Ota hamda Mullo Abdulloh maqbaralari aynan mahalliy tashabbuskorlar sa’y-harakatlari bilan qayta tiklangan.
O’shning qoq markazida joylashgan Sulaymon Tog’i yoki Taxti Sulaymon atrofida XIX-asr yodgorliklari Ravot Abdullaxon masjidi, Asaf ibn Burhiya maqbarasi, o’tgan asr qayta tiklangan Bobur uyi bor. Hozirgacha ziyoratchilarga to’la. Aytish joiz, Sulaymon Tog’i uch yil muqaddam UNESCOning umumjahon tarixiy merosi ro’yxatiga kiritilgan.
Aravondagi Duldul Ota ziyoratgohi mashhur Farg’ona duldul otlari, arg’imoqlari nomi bilan bog’langan. Mullo Abdulloh maqbarasi katta yo’l chetida joylashgan. Sho’rolar paytida ushbu aziz joy hisobiga yo’lni kengaytirish harakatlari bo’lgan.
Mahalliy aholining aytishicha, bunday tashabbus bilan chiqqan rahbarlar va yo’l muhandislari turli baxtsizliklarga yo’liqqan. Aytishlaricha, kimdir shol bo’lib qolgan, kimningdir qo’l-oyog’i singan…
O’zgandagi X-XII-asr yodgorliklari – qadimiy minora va Qoraxoniylar maqbarasi minglab sayyohlar diqqatini jalb qiladi. Ushbu maskan keyingi yillarda Germaniya texnik ko’magida tiklangan.
Fotoreportaj: