Breaking News

Xitoyga qarshi kvartet


AQSh, Avstraliya, Yaponiya va Filippin mudofaa vazirlari o’tgan hafta Amerikaning Gavayi shtatida ikkinchi bor uchrashib, Xitoydan taralayotgan harbiy tahdidga qarshi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Xalqaro hayot - 6-may, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:12 0:00

Yaqinda Xitoy kemalari hududda Filippin kemalariga yaqinlashib, ularga suv sepib haydamoqchi bo’ldi. Filippin Prezidenti kenja Ferdinand Markos Xitoy bilan to’qnashish, ziddiyatlarni kuchaytirish niyati yo’qligini bildirdi.

AQSh mudofaa vaziri Xitoyning dengizdagi harakatlarini qoraladi.

“Barchaga, jumladan Pekinga Filippin dengizchilari hayotini xavf ostiga qo’yuvchi harakatlarning mas’uliyatsiz ekanini, xalqaro qonunga xilof ekanini aytib kelamiz”, - dedi Lloyd Ostin.

Vazirlar kvarteti Hind va Tinch okeanlarida mudofaani muvofiqlashtirish xususida gaplashdi.

“Hamkorlikni kuchaytirish uchun to’rttalamiz yaqindan ishlashga kelishib oldik”, - deydi Filippin milliy mudofaasi kotibi Gilberto Teodoro.

“Biz Hind va Tinch okeani mintaqasida o'nlab yillar davomida farovonlik va xavfsizlikni ta'minlagan,

millionlab odamlarni qashshoqlikdan chiqargan narsalar uchun kurashyapmiz”, - deydi Avstraliya Mudofaa vaziri Richard Marls.

Qo’shma Shtatlar ushbu mamlakatlarning har biri bilan ikki tomonlama mudofaa shartnomalariga ega, biroq rasmiylarning aytishicha, Xitoyning mintaqadagi harakatlari bu mamlakatlarni ko’p tomonlama, kattaroq tarzda birlashtirdi.

“Bunday ijobiy natijalarga erishish uchun eng ko’p qo’l urgan kim bo’ldi? Si Zinpin deyman”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Bred Bauman.

Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasining tadqiqotchisi Pekinni maktab hovlisidagi zo’ravonga qiyoslarkan, Xitoy to’rtta mamlakat o’rtasidagi hamkorlikni keskin tanqid qilishini taxmin qiladi.

“Zo’ravon bir paytning o’zida 4-5 ta bolaga qarshi chiqmaydi. Har biri bilan alohida gaplashishni afzal ko’radi. Agar Hind va Tinch okeani mintaqasining erkin va ochiq bo’lishini, Amerikaning iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlari saqlanishini istasak, mana shu bolalar birlashib, mushtarak manfaatlar yo’lida o’zaro hamkorlik qilishi kerak”, - deydi tahlilchi.

AQSh, Yaponiya, Avstraliya va Filippin hamkorlikni kuchaytirish maqsadida qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazishga kelishib oldi.

Ular Xitoyni Janubiy Xitoy dengizini o’zlashtirayotganlikda, unga to’liq da’vo qilayotganlikda ayblab keladi.

Vazirlar mudofaa uchun xarajatlarni oshirishga kelishib oldi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Lin Dzyanning aytishicha, Filippin Janubiy Xitoy dengizining Pekinga qarashli hududlariga kirmasligi kerak.

Rasmiy AQSh va Filippinning qo’shma harbiy mashg’ulotlarini tanqid qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG