Breaking News

Apollon-13 missiyasi: muvaffaqiyatli mag'lubiyat


Apollon-13 - NASAning "muvaffaqiyatli mag'lubiyati"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:54 0:00

AQSh kosmik dasturida eng muhim yutuqlardan biri “Apollon-13” missiyasi bilan bog’liq. O’shanda ekipaj Oyga qo’na olmagan bo’lsa-da, missiya “muvaffaqiyatli mag’lubiyat” sifatida yodga olinadi.

1970-yilning aprel oyi. AQShning Oyga qo’nish bo’yicha uchinchi missiyasi - “Apollon-13” - orbitaga shunchaki navbatdagi parvoz sifatida qabul qilingan edi.

“Menimcha, raketa uchgani haqida “Nyu-York Tayms” gazetasining 67-betida yozilgan edi, xolos. Jonson fazo markazida jurnalistlar ham oz bo’lgan”, - deya eslaydi ekipaj komandiri Jim Lovel.

Parvozning uchinchi kunida hamma narsa o’zgaradi. Astronavtlar Jim Lovel, Jek Svigert va Fred Xeyz uchayotgan kemada portlash ro’y beradi.

“Metal tovushidan, portlash ovozidan butun kema jaranglab ketdi. Noxush bir narsa bo’layotganini darhol bilganmiz”, - deydi Xeyz.

Texasdagi Jonson Fazo markazida vaziyatni kuzatib turgan Jin Kranz falokatni bartaraf etish, astronavtlar hayotini saqlab qolishga harakat qiladi.

“Ular Yerdan 300 ming kilometr uzoqda, Oy tomon uchayotgan edi”, - deydi u.

Fazogirlarni omon qaytarish uchun turli yechimlar ko’rib chiqilgan. Asosiy missiya bekor qilingan.

“Oyga qo’na olmasligimizdan hafsalam pir edi”, - deydi Fred Xeyz.

Dunyo ahli inqirozni radio va televideniye orqali kuzatgan. Parvozlar direktori Jin Kranz taslim bo’lish xayolimizga ham kelmagan, deydi.

“Inqiroz deyarli to’rt kun davom etdi. Dunyoning diqqat-e’tiborini tortgan voqea”, - deydi keyinchalik bu haqda kitob yozgan Jin Kranz.

“Bu kabi favqulodda vaziyatlarni boshqarishni mashq qilgan komanda o’z ishini a’lo bajargan. Natijada ekipaj omon qaytib kelgan”, - deydi fazogir Bazz Oldrin.

“Yillar o’tgach biz “Apollon-13” haqida kitob yozdik. Ha, bir jihatdan parvoz muvaffaqiyatsiz yakunlandi, Oyga qo’na olmadik. Lekin boshqa tarafdan, yutug’imiz shu ediki, insonlar falokatni g’alabaga aylantirishga qodir. Ekipaj a’zolari va Yerdagi komanda birgalikda ishlab, rejalanmagan, mashq qilinmagan og’ir vaziyatdan chiqishga muvaffaq bo’lgan”, - deydi Jim Lovel.

Uning “Yo’qolgan Oy” nomli kitobi Gollivudning “Apollon-13” filmiga asos bo’ldi. Lovel rolida aktyor Tom Xenks.

“Ba’zida haqiqiy voqealarga asoslangan filmlarga ham dramatik tus beriladi. Bu kartinada esa hech narsani bo’rttirib ko’rsatishga hojat yo’q. Ekipaj a’zolarining uyga tiriklayin qaytishi savol ostida bo’lgan”, - deydi “Adler” planetariysi vitse-prezidenti Endryu Jonston.

Planetariyning “Oy missiyasi” degan ko’rgazmasi “Apollon-13” haqida hikoya qiladi. Yoshlarni ilhomlantirish uchun Jim Lovel missiyada qo’llangan jihozlarni muzeyga xayriya qilgan.

“Ko’rgazmaga kelayotganlarning bir qismi - biz parvoz qilganda hali dunyoga kelmagan yoshlardir”, - deydi Lovel.

Planetariyda “Apollon-13” missiyasining 50 yilligiga bag’ishlangan tadbirlar koronavirus sabab qoldirilgan. Ammo ko’rgazma internetda ochiq.

Planetariy va AQSh Fazo boshqarmasi NASA saytida “muvaffaqiyatli mag’lubiyat” bilan tanishish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG