Breaking News

Isroillik arablar koronavirus millatchilikni kamaytirishiga umid qilmoqda


9 million aholi yashovchi Isroilda koronavirusga chalinayotganlar (16 539 odam) va undan o’layotganlar (262 odam) soni tushib bormoqda. Bu mamlakatning arab aholisi o’zini kamsitilgan deb bilsa-da, isroillik arab shifokorlar kasalxonada hurmatga sazovor ekanini, teng muomala ko’rishini aytadi.

“Isroilda, butun dunyoda matbuot shifokorlarni, shoshilinch tibbiy yordam xodimlarini ko’p ko’rsatyapti. Arab va yahudiy shifokorlar doim yelkama-yelka xizmat qilgan. Umid qilamanki, mana shu inqiroz tufayli odamlar ongida o’zgarish yuz bermoqda”, - deydi Quddusdagi Hadassa kasalxonasining arab shifokori, shoshilinch tibbiy yordam bo'limi mudiri Ahmad Naama.

Isroilda tug’ilib voyaga yetgan mutaxassis bu jamiyatda o’zini kamsitilgan deb his qilmaydi. Ammo aholining 21 foizini tashkil qiluvchi arablarning aksariyati diskriminatsiyadan nolib keladi.

“Kasalxonalarda shifokorlar, hamshiralar, xodimlar birga ishlaydi, muhit ancha ijobiy. Universitetlarda arab talabalar, tadqiqotchilar ko’p bo’lmasa-da, holat ancha yaxshi. Shunga qaramay, yahudiylarning aksariyati arablarga nisbatan millatchi, millatchi hujumlar, arablar haqida qolipli fikrlash mavjud”, - deydi Isroil parlamentida arab qonunchi Ahmad Tibi.

Bunga qarshi kurashayotgan bir tashkilot yaqinda Isroildagi arab tibbiy xizmatchilarining koronavirusga qarshi kurashiga bag’ishlangan bir video tayyorladi.

So’nggi paytlarda isroillik arablar saylovlarda faol, arab nomzodlarning 15 nafari parlamentga kirgan.

“Koronavirus inqirozi arab millatiga mansub fuqarolarning isroillashishini kuchaytirdi. Ular yanada ko’proq isroillik bo’ldi. Umumiy inqirozni boshdan kechiryapmiz, har birimiz unga qarshi kurashda o’z hissamizni qo’shyapmiz”, - deydi jamiyatda tenghuquqlikni targ’ib qilayotgan “Ibrohim tashabbuslari” tashkilotidan Tabet Abu Ras.

Hadassa kasalxonasida bemorlar ham, shifokorlar ham o’zlarini ham yahudiy, ham arab deb biladi.

“Bu bizning kundalik hayotimiz. Men Moysha bilan, Xaytxam bilan ishlayman. Hamshiraman, ishim shu”, - deydi Noila Xayek.

Koronavirus odamlarga inoqlikda yashash muhimligini ko’rsatmoqda. Virus o’tib ketganidan keyin ham shunday fikrlash saqlanib qoladi degan umid bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG