Breaking News

"Arab bahori" mintaqaga nima olib keldi?


Port Said, Misr, 28-yanvar, 2013
Port Said, Misr, 28-yanvar, 2013
Qohiraning "Tahrir" maydonidagi inqilobga ikki yil bo’ldi. Misrliklar bu sanani nishonlar ekan, ayrim mutaxassislar nazarida "Arab bahori" natijalari kutilganidek bo’lmadi, Yaqin Sharqda jiddiy o’zgarishlar yuz bermadi.

Misr inqilobi nafaqat bu mamlakat, balki butun mintaqa xalqlariga katta umid va ishonch baxsh etgan edi.

Biroq g’alayonga ikki yil bo’libdiki, aholi turmush darajasi yaxshilanmadi. Hokimiyatga islomiy kuchlar keldi, dunyoviy qarashdagi guruhlar yangi hukumatni va’dalarining ustidan chiqmagani uchun tanqid qilmoqda.

Steysi Gutkovski, Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis:

“Inqilob so’zida romantik bir ma’no bor. Uni eshitganimizda odatda Berlin devorining qulashi kabi dramatik hodisalarni tasavvur qilamiz. Vaholanki, mintaqada bunday hodisa kuzatilmadi. Jiddiy o’zgarish bo’lmadi”.

Gutkovski fikricha, hukumatlar ag’darilib, yangi rahbarlar hokimiyatga kelgan jamiyatlarda ham odamlarning umidi puchga chiqdi.

Bundan tashqari shimoliy Afrikadagi jarayonlar dunyoning boshqa qismiga tarqalmadi. Masalan, Suriyada hukumat va muxolifat o’rtasida qonli to’qnashuvlar davom etmoqda, minglab fuqarolar nobud bo’ldi. Fors ko’rfazi bo’yidagi davlatlarda yakkahokim rahbarlar hali ham hokimiyat cho’qqisida. Xalq ularga qarshi ko’tarilgani yo’q.

Bu mintaqada hukumatlar bir-biridan farq qiladi, siyosiy madaniyat ham boshqa-boshqa, deydi Britaniyaning Liviya va Erondagi sobiq elchisi Richard Dalton.

“Arab uyg’onishining voqelikka aylanishi uchun bir avlod umri ham kam. O’zgarish turli sur’atlar bilan kechadi. Ammo arab dunyosining har bir burchagida o’zgarish yuz berayotganiga shubha yo’q”.

O’zgarish ba’zi hollarda sust bo’lsa, boshqa hollarda salbiy, xuddi orqaga chekinishdek. Chunki odamlar avtoritar rahbarlar paytida duch kelmagan masalalar, xususan iqtisodiy muammolarni hal etishga majbur. Aksariyat aholining hayoti og’irlashdi. Ayollar va ozchilik guruhlar huquqlari cheklanayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Mintaqaning ayrim mamlakatlaridagi yangi rahbarlar G’arb va Isroilni keskin tanqid qilsa, boshqa mamlakatlarda yakkahokimlar G’arb bilab hamkorlikni davom ettirmoqda.

“Hokimiyatga kim kelishidan qat’i nazar, davlatning milliy manfaatlari tubdan o’zgarmaydi. Ham xalq, ham hukumat foydasini ko’zlaydigan siyosat olib borish qiyin,” - deydi sobiq elchi Richard Dalton.

Xullas, prezidentlar saroydami, ko’chadami, "Arab bahori" dan ikki yil o’tib qilinadigan ishlar hali ko’p.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG