Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikani qamrab olgan g'alayonlar natijasida mintaqa ko'p yillik avtoritar rahbarlardan xalos bo'ldi. Tunisda boshlangan Arab bahori Misr, undan keyin esa Liviyaga ham o'tdi. Suriya va Yamanda esa namoyishlar bugungacha davom etmoqda.
Biroq kuzatuvchilar nazarida yillar davomida yopiq jamiyatlarda yashagan xalqlar uchun erkin va demokratik tuzumga o'tish silliq kechmaydi.
Misr prezidenti Husni Muborak yil boshida hokimiyatdan ketganida mintaqada matbuot erkinligi barq uradi degan umid uchquni paydo bo'lgan edi. Ammo namoyishchilarga qarshi tazyiqlarning davom etayotgani va chiqishlarning davlat matbuotida yoritilishi jurnalistlar oldidagi muammolarning uchini namoyish etdi xolos.
Davlat matbuoti namoyishchilarni qurollangan to'da deb, aholini harbiylarni qo'llab-quvvatlashga, namoyishchilarga qarshi turishga da'vat etdi.
Vashingtondagi Jorjtaun Universitetida matbuot bo'yicha mutaxassis Odil Iskandarning aytishicha, bu shundan dalolatki, davlat matbuoti, davlat jurnalistlari haligacha isloh bo'libgina qolmay, axborot uzatish borasida faoliyati yomonlashdi ham.
Mustaqil axborot manbalari davlat matbuotining namoyishlarni yoritish uslubini tanqid qildi. Mamlakatni vaqtincha boshqarayotgan harbiylar esa alohida matbuot anjumani o'tkazib, o'z nazoratidagi ommaviy axborot vositalari ishini olqishladi.
Misrlik jurnalistlar fikricha, muvaqqat kengash televideniye faoliyati va ko'rsatuvlar programmasiga ko'p aralashadi. Ommabop "So'nggi so'z" nomli tok-shou olib boruvchisi Yosri Fuda bunga norozilik bildirib, ko'rsatuvini noma'lum muddatga to'xtatib qo'ydi.
"Voqealarni yoritishda xolis va mustaqil bo'lishga intilayotgan axborot vositalari va ularni hamda vaziyatni nazorat qilishga oshiqayotgan harbiylar o'rtasida o'ziga yarasha urush ketmoqda", - deydi Odil Iskandar.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi AQShning Freedom House tashkiloti vakili Karin Karlekar ham shunday fikrda.
"Harbiy muvaqqat hukumatda islohotga xohish yo'q. Uni tanqid qilgan muxbirlar va bloggerlarning ayrimlari hibsga olindi, boshqalariga jazoning o'zga choralar qo'llandi", - deydi ekspert.
Karlekarning aytishicha, inqilobiy o'zgarishlarni boshdan kechirgan mintaqa davlatlari orasida bir hafta ilgari saylovlar o'tgan Tunisda ahvol nisbatan yaxshiroq bo'lishi mumkin.
"Tunisda axborot erkinligiga doir qonun qabul qilindi yaqinda. Undan oldin qizg'in munozaralar bo'ldi. Mahalliy guruhlar, jurnalistlar tashkilotlari, huquq himoyachilari ularda faol ishtirok etdi", - deydi Freedom House vakili.
Xalq g'alayonlari Suriyada deyarli bir vaqtda boshlanganiga qaramay hukumatning qo'li hozircha baland, matbuot cheklangan, internet axborot olish uchun yolg'iz manba rolini bajarmoqda.
"Namoyishlar fevral o'rtalarida boshlangan bo'lsa, shu kunga qadar ishonchli ma'lumot olishning imkoni bo'lmayapti", - deydi vashingtonlik tahlilchi Odil Iskandar.
Suriya xavfsizlik kuchlarining Hims shahriga o'q yog'dirayotganini tasvirlovchi kadrlar matbuot erkinligining naqadar muhim ekanini ko'rsatadi. Haqiqatni yuzaga olib chiqish uchun, aslida nima bo'layotganini keng jamoatchilikka bildirish uchun. Biroq shunga qaramay, deydi tahlilchilar, namoyishlarning bugunga qadar davom etayotgani aqlga sig'maydi.