Qo’shma Shtatlar Qatar bilan diplomatik aloqani uzgan olti mamlakatni muammoni muloqot orqali hal qilishga chaqirdi. Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Yaman, Maldiv Orollari hamda Misr Qatarni terror tashkilotlarini qo’llab-quvvatlayotganlikda va Eronga nisbatan mo’tadil siyosatda ayblamoqda.
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Amerikaga ittifoqchi bu mamlakatlarni muammoni hal qilishga chaqirdi.
"Bu hol bu davlatlarning mintaqada va dunyoda terrorga qarshi qo’shma harakatlariga jiddiy ta’sir qiladi deb o’ylamayman. Yaqinda Riyodda o’tgan sammitda barchasi Daishga, terrorizmga qarshi hamkorlikda kurashishga so’z bergan”, - deydi Tillerson.
AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis Eronni mintaqani beqarorlashtirishga harakat qilayotganlikda aybladi.
"Tehronning yordami tufayli Suriyada Assad hokimiyatda qolmoqda, Yamanda esa Eron aralashuvi tufayli millionlab odamlar ochlikka, kasallikka, zo’ravonlikka yuz tutmoqda”, - deydi u.
Qatar Fors ko’rfazidagi qo’shnilar bilan oldin ham jiqqalashgan.
"Amirliklar va saudiyaliklar Qatarning “Musulmon Birodarlar” harakatiga xayrixohligini, misrlik jihodchi ulamoga boshpana berganini ochiqchasiga tanqid qilib kelgan”, - deydi Yaqin Sharq Instituti tahlilchisi Jerald Fayerstayn.
Ammo, deydi u, Eronning mintaqada ta’sirini oshirish harakatlariga to’siq qo’yishga kelganda bu mamlakatlar hamfikr bo’lgan. Qo’shni davlatlar hamjihatligisiz mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni kuchaytirib bo’lmaydi, deydi ekspert.
"Quvayt va Ummon o’rtaga tushib, yana bir bor vositachilik qiladi degan umiddaman. O’tgan hafta Qatar amiri Quvaytga bordi. Menimcha, u bu mamlakatdan yordam so’ragan va AQSh ham bu jarayonni qo’llab-quvvatlashi kerak”, - deydi Fayerstayn.
Arab davlatlari oldin ham Qatar bilan diplomatik aloqani uzgan, biroq dushanba kuni ular barcha turdagi bordi-keldini ham to’xtatdi.
Facebook Forum