AQShning janubiy chegarasida minglab muhojir boshpana olish uchun ariza berishga navbatda turarkan, ba’zilari chegarani kesib o’tishga muvaffaq bo’lmoqda. Hushyor chegarachilar ularni ushlash bilan ovora.
Arizona shtatida mart va aprel oylarida chegarani noqonuniy ravishda kesib o’tgan 100 mingdan ziyod migrant qo’lga olindi.
“Odamlar xavfli uchastkalarda hatto oilalari bilan o’tishga harakat qilgan”, - deydi Arizona Bojxona va chegara xavfsizligi xizmatidan Daniel Ernandes.
Xizmat agentlari aktyorlar yordamida hujjatsiz migrantlar chegarada inson savdogarlari bilan yuzlashayotgan xavfni sahnalashtirib, jurnalistlar diqqatini muammoga qaratdi.
Kamuflyaj rangidagi ust-bosh kiygan, yerda oyoq izlari qolmasligi uchun tagcharmni yopgan, suv solingan qora rangli bir xil idish ko’targan aktyorlar posbonlar qo’liga tushmaslik uchun cho’ldan o’g’irlikcha yurishga harakat qiladi.
Ba’zilari 45 darajalik jazirama issiqda konditsionersiz mashinaga yashirinib olgan.
“Biz bu sahna bilan bunday safarga bolalar bilan chiqish o’ta xavfli ekanini ko’rsatmoqchi bo’ldik”, - deydi Gvatemalaning Arizonadagi konsuli Oskar Padiya.
Chegara xizmati vakillarining aytishicha, ko’plar xavf-xatarga qaramay, qashshoqlik va zo’ravonliklarga botgan mamlakatlarini ortda qoldirib yo’lga chiqishga hozir.
Gonduraslik Franklin Garsiya va uning o’g’li AQSh chegarasini noqonuniy kesib o’tganlardan.
“Sonora chegarasidan o’tdik. Yo’l mashaqqatga to’la edi. Oziq-ovqatsiz qoldik ham”, - deydi Garsiya.
Ota-o’g’il avtobusga chiqib, Amerika bo’ylab yo’lini davom ettirmoqchi. Hujjatsiz muhojirlarning ko’pligi chegarachilar ishini qiyinlashtirmoqda.
“Tunda 400 kishini hibsga oldik. Tez harakat qilish kerak edi, oldindan xabar olmagan edik. Ularning orasida yordamga muhtojlarini aniqlab, ko’maklashish zarur. Bu oson emas, chunki bunga ko’p resurslar kerak, huquq tartibot organlarini boshqa ishlaridan chalg’itadi”, - deydi chegara xizmatidan Daniel Ernandes.
Chegarachilarning aytishicha, hujjatsiz migrantlarni chegaradan olib o’tish ko’p million dollarlik biznes bo’lib, bundan, asosan, jinoiy kartellar va odam savdogarlari foyda ko’radi.
Facebook Forum