8 yanvar kuni AQShning Arizona shtati dahshatli bir voqeaga guvoh bo’ldi. Meksika bilan chegaradosh Tuson shahrida Kongress a’zosi Gabriella Giffords saylovchilar bilan uchrashib, mahalliy muammolarni muhokama qilayotgan paytda yosh bir yigit qurol bilan bostirib kirib, hammani ota boshlagan.
Olti kishi halok bo’lgan, jumladan federal sudya Jon Roll.
Qonunchi ayol esa og’ir jarohat bilan hozir kasalxonada. Jarrohlar uning omon qolganini aytsada, fojia butun mamlakat bo’ylab odamlarni sergak torttirgan.
22 yoshli Jared Lofner, jinoyat joyida ushlangan amerikalikka qotillik aybi qo’yilgan. Jared Lafner bezorilikda ayblanib kollejdan haydalgan, ishsiz. Harbiy xizmatha yollanmoqchi bo'lganida, u yerda ham rad etilgan. Oilasi uning qilmishi uchun Amerika xalqidan kechirim so'ramoqda. Sud uni o'lim jazosiga yoki bir umr qamoqqa mahkum etishi mumkin.
Bu xalq motam kayfiyatida. Prezident Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Obama Oq Uy oldida turib, marhumlar xotirasi uchun sukut saqladi. Butun Amerika bo’ylab bayroqlar tushirilgan. Odamlar azada.
Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi Kongress joylashgan azim imorat qarshisida yuzlab xizmatchilar to’planib, yaqinda qayta saylangan demokrat qonunchi Gabriella Giffordsga ezgu tilaklarini izhor etdi. Otishmada o’lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.
Halok bo’lganlardan biri Giffordsning yordamchisi Geyb Zimmerman.
Xotira marosimiga kelganlardan biri arizonalik Antonio Valenzuela Vashingtonda ishlar ekan.
“Tusonda tug’ilib o’sganman, juda osoyishta maskan”, - deydi u.
“Nima bo’lganini ko’rib, dahshatga tushadi odam. Begunoh insonlarga qarata o’q uzishga uni nima majbur qilgan deb o’ylayapman”.
Amerikada keyingi yillarda siyosiy bahs-munozara va fikr almashinuvlar keskin-salbiy tus olgan.
Partiyalar orasidagi tuhmatomuz, asossiz gaplar yoshlar miyasini zaharlaydi, deydi ayrimlar.
Eleanor Xolms Norton ham Kongress a’zosi.
"O’zimizni sal bosib olishimiz, o’ylab gapirish kerak”,- deydi u.
11 yanvar kuni jinoyatda ayblanuvchi, hozirda hibsda saqlanayotgan Jared Loffner Finiks shahridagi federal sudga olib borildi. Unga hukumat xizmatchilarini o’ldirganlik va Kongress a’zosini nishonga olganlik aybi qo’yilmoqda.
Yana boshqa ayblovlar ham qo’yilishi kutilmoqda. Gabriella Giffordsni tinglashga kelganlar orasida to’qqiz yoshli qizaloq bo’lgan. Hujumda u ham o’lgan.
Jinoyatga yetaklagan sabab nima? Hukumatga qarshi harakatmi, jamiyatga nafrat yoki aqldan ozganlik? Balki hammasi, deydi ekspertlar.
Jarrohlarning aytishicha, Gabriella Giffords yashab qolishiga umid bor. Lekin butunlay tuzalib ketishi qiyin. Qonunchi miyasidan o’q yegan.
"Hozircha biror aniq xulosaga kelish qiyin. Miya shishib ketgan. Biz barcha chorani ko’rayapmiz. Har bir kun g’animat. Sekinlik bilan harakat qilayapmiz. Umidni boy bermayapmiz”,- deydi doktor Maykl Lemol.
Gabriella Giffords sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish uchun ovoz bergan. Bu loyiha kuchli qarshilikka sabab bo’lgan.
Giffords xonim buning uchun shu kungacha tajovuzga uchragan 10 qonunchidan biri.
Allison Shvartz Kongressga Pensilvaniya shtatidan saylangan. Nafratga to’la xatlar olgan. O’lasan deb ogohlantirilgan.
“Telefon qilib qo’rqitishdi. Qurol tayyor, seni va safdoshlaringni o’ldirish qiyin emas deb ochiq aytishdi. Politsiyaga xabar berdik, bizga soqchi berishdi”,- deydi Shvartz.
Kapitoliyda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Yangi tartib-qoidalar haqida gap ketmoqda.
Lekin qonunchi xalq vakili ekan, u oddiy fuqarolar bilan tez-tez uchrashib turishi, bemalol muloqot qila olishi juda muhim.
Ko’pchilik amerikaliklar fikricha, xavfsizlik choralari Kongress a’zolarini ommadan uzoqlashtirmasligi kerak.